19:53 / 12.09.2019
1
8941

Bojxonachilar sifatsiz alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yishdi

Bojxona xodimlari tomonidan sifati kafolatlanmagan mahsulotlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi keskin kurash olib borilmoqda.

Jumladan, Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Milliy Gvardiya va IIB xodimlari bilan hamkorlikda Urganch shahrida noqonuniy ravishda yashirin sex tashkil qilib, sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi shaxslarni aniqlash maqsadida tezkor tadbir o‘tkazishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Tadbir davomida fuqaro K.M.ning yashash xonadoni xolislar ishtirokida belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, ushbu xonadon qo‘lbola usulda spirtli ichimliklar tayyorlanadigan yashirin sex sifatida faoliyat ko‘rsatayotganligi oshkor bo‘ldi.

Xonadonda qo‘lbola usulda tayyorlangan va aksiz marka bilan qadoqlanmagan jami 630 shisha aroq, 135 shisha konyak hamda 12000 dona aroq mahsulotlari yorliqlari, 322 dona vino ichimligi yorliqlari, 784 dona aroq mahsuloti shisha idishiga yopishtiriladigan plyonkalar, 28 dona bo‘sh shisha, 540 dona aroq mahsuloti shisha idishining qopqog‘i hamda aroq mahsulotini plyonka bilan o‘raydigan uskuna, 18 rulon qo‘lbola yasalgan mahsulotlarni o‘rashda ishlatiladigan plyonkalar borligi aniqlandi.

Tadbir davomida jami 314 litr aroq spirtli ichimligi, 67,5 litr konyak spirtli ichimligi va boshqa alkogol mahsulotlarini tayyorlash uchun anjomlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda yuqoridagi holat bo‘yicha bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top