11:40 / 12.09.2019
1
5219

Eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibi tasdiqlandi

Foto: 123RF

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Nizomga ko‘ra, eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam quyidagilar bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash tartibida ko‘rsatiladi:

shartnomaga muvofiq xalqaro standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimlarni joriy etish;

shartnomaga muvofiq taqdimotlar va reklama kompaniyalarini, shu jumladan milliy mahsulotlar va brendlarni salohiyatli savdo bozorlariga olib chiqish uchun o‘tkazish;

shartnomaga muvofiq xalqaro tender va tanlovlarda ishtirok etish;

shartnomaga muvofiq xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasi hududlarida biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlarda ishtirok etish xarajatlarini qoplash;

xorijiy mamlakatlarda biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlarda ishtirok etish xarajatlarini qoplash;

ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etish xarajatlarini qoplash.

Xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlarda ishtirok uchun ko‘rsatiladigan moliyaviy yordam eksport qiluvchi tashkilotning bir nafar vakili hisobga olingan holda qoplab beriladi.

Moliyaviy yordam olish uchun eksport qiluvchi tashkilot tomonidan Agentlikka moliyaviy yordam to‘g‘risida ariza va to‘ldirilgan anketa-talabnomani quyidagi hujjatlar bilan birgalikda taqdim etiladi:

eksport qiluvchi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan o‘tgan va joriy moliyaviy yildagi xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, shu jumladan moliyaviy yordam berish maqsadlariga mos keladigan shartnomalar (bitimlar), to‘lov hujjatlari va (yoki) bajarilgan ishlar dalolatnomasi nusxalari;

xorijiy mamlakatlardagi ko‘rgazma-yarmarkalar, biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlarda haqiqatda qatnashganlikni tasdiqlovchi kafolat xati;

eksport qiluvchi tashkilotning soliqlar bo‘yicha qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risida ma'lumotnoma;

muddati o‘tgan kreditorlik va debitorlik qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risida ma'lumotnoma;

ishlab chiqariladigan mahsulotlar bo‘yicha taqdimot materiallari, broshyuralar va bukletlar namunalari (ko‘rgazma yoki yarmarkada ishtirok etganda);

tovarlar, ishlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchilarning raqobat varaqasi (an'anaviy milliy mahsulotlar va brendlarni salohiyatli bozorlarga olib chiqish uchun taqdimotlar va reklama kampaniyalari o‘tkazishda).

Qayta tashkil etish, bankrotlik va (yoki) tugatish bosqichidagi eksport qiluvchi tashkilotlarning arizalari ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.

Tashqi bozorlarda mahsulotlarni sertifikatlash (standartlashtirish), shuningdek, ishlab chiqarish hajmlarining o‘rta muddatli hisob-kitob qilingan ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan loyihaning biznes rejasi, mahsulotni eksportga yetkazib berish muddatlari hamda hajmlari to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan reja-jadvalini tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun moliyaviy yordam haqida ariza bergan eksport qiluvchi tashkilot ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda quyidagilarni ham taqdim etadi:

baholash to‘g‘risidagi hujjatlarni beradigan akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyalari va (yoki) sertifikatlash tashkilotlari bilan muvofiqlikni baholash bilan bog‘liq bajarilgan ishlar (xizmatlar) haqida eksport qiluvchi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan kontrakt nusxasi;

mahalliy (xorijiy) akkreditatsiyalangan sinov laboratoriyalari (markazlari) va (yoki) sertifikatlash tashkilotlari tomonidan, zarur hollarda, notarial tasdiqlangan o‘zbek yoki rus tilidagi tarjimasi bilan yuqori texnologiyali mahsulotlarning tashqi bozorlarda muvaffaqiyatli moslashganligini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari.

Eksport qiluvchi tashkilotdan nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududlarida va xorijiy mamlakatlarda tashkil etilgan biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlarda ishtirok etish uchun ko‘rsatiladigan moliyaviy yordam O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan smeta asosida ko‘rsatiladi.

Eksport qiluvchi tashkilot tomonidan ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar Agentlikka bevosita, pochta orqali yoki elektron shaklda, shu jumladan Tashqi iqtisodiy ma'lumotlar portali orqali taqdim etiladi.

Bevosita taqdim qilingan ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, uning nusxasi darhol hujjatlar qabul qilingan sana belgisi bilan eksport qiluvchi tashkilotga beriladi.

Taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligi uchun javobgarlik eksport qiluvchi tashkilot zimmasiga yuklanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top