10:35 / 13.09.2019
0
3251

Metrologiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari milliy qonunchilik talablariga moslashtirildi

Foto: 123RF

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 22 iyuldagi majlisida bir qator muhim qonun loyihalari qatorida “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma'qullangan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Qutlimurot Babashevning yozishicha, mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda ishchi guruh tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi. 

Xususan, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Qonunchilik palatasining yuridik boshqarmasi tavsiyalariga asosan hamda xalqaro normalardan kelib chiqqan holda, loyihaning 3-moddasiga metrologiya sohasidagi faoliyat doirasini ham qamrab olish maqsadida “metrologiyaga oid faoliyat” tushunchasi kiritildi. Shuningdek, “davlat etaloni” so‘zi metrologiya bo‘yicha xalqaro qoidalari bilan muvofiqlashtirish maqsadida “milliy etalon” so‘ziga almashtirildi.

Muhokamalarda ishtirok etgan deputatlar qonun loyihasidagi ayrim tushunchalar tegishli moddalarda o‘z aksini topgani bois, ularni chiqarib tashlash taklifini bildirishdi hamda ushbu takliflar ishchi guruhi tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilgandan so‘ng, olib tashlandi. Shuningdek, loyiha matnini lo‘nda, tushunarli hamda yuridik texnika qoidalariga moslashtirish uchun ayrim tahririy o‘zgartish va qo‘shimchalar ham kiritildi.

Shuningdek, ishchi guruhining joriy yil 5 sentabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishida deputatlar va mutaxassislar asosiy e'tiborni metrologiya faoliyatining asosiy vazifalari hamda prinsiplariga qaratdilar.

Bahs-munozaralar natijasida qonun loyihasining 4-moddasida keltirilgan metrologiya faoliyatining asosiy vazifalariga “o‘lchashlar birligini ta'minlash”, “obektiv, ishonchli va solishtiriladigan o‘lchash natijalariga bo‘lgan ehtiyojlarini ta'minlash”, “ishonchsiz o‘lchash natijalarining oldini olish”, “o‘lchash natijalarining milliy va (yoki) xalqaro etalonlargacha kuzatuvchanligini ta'minlash” masalalari ham kiritildi.

Metrologiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qonunchilik texnikasi hamda milliy qonunchilik talablariga moslashtirildi. Bundan tashqari, qonun loyihasining ayrim boblaridagi ba'zi normalarning bir-biriga o‘xshashligi va takrorlangani sababli, ular birlashtirib yuborilishi maqsadga muvofiq, deb topildi.

Qonunning amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini ta'minlash maqsadida “O‘lchash vositalari va sinov vositalari” nomli 16-moddaga texnik vositalarni o‘lchash vositalari hamda sinash vositalari jumlasiga kiritishni belgilovchi mezonlar qonunosti hujjatlaridan qonun talabi darajasiga chiqarilmoqda.

Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonidagi yana bir muhim jihati, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablaridan kelib chiqib, metrologik xizmatlarni ko‘rsatishda davlat-xususiy sheriklik asosida laboratoriyalarni tashkil etishning qonuniy negizi yaratilmoqda. Shu maqsadda “O‘lchash vositalarini kalibrlash” nomli 26-moddaga o‘lchash vositalarini kalibrlash bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida metrologiya xizmatlari tashkil etilishi mumkinligi mustahkamlab qo‘yildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top