09:55 / 13.09.2019
1
12753

O‘zbekistonda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida qancha ayol rahbarlik lavozimida ishlayotgani aytildi

Foto: DPA

2019 yil 11 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi va Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan “Ayollar huquqini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarning ijrosini ta'minlashda parlament nazoratini o‘rnatish masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida ayollar huquqini himoya qilish maqsadida respublikada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan parlament va jamoat nazoratini o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.   

Bugungi kunda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin ayollar rahbarlik lavozimlarida ishlayotgani ishtirokchilar tomonidan e'tirof etildi. Shuningdek, Oliy Majlis Senatida – 17 nafar senator, Qonunchilik palatasida – 21 nafar deputat xotin-qizlar faoliyat olib bormoqda. Mahalliy kengashlarda esa, xalq vakillarining 23 foizdan ziyodini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan, davlat rahbari tomonidan Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisidagi nutqida bu kabi masalaga alohida to‘xtalib, bir qator takliflarni ilgari surganiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu takliflardan kelib chiqib, o‘tgan qisqa davr ichida ikkita yangi qonun, ya'ni “Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqlari va imkoniyatlari kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Ayollarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari qabul qilindi.

Davra suhbati davomida qayd etilganidek, mazkur choralar gender tengligini ta'minlash, xotin-qizlarni diskriminatsiya qilinishining barcha shakllariga barham berish, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan yoki ularga nisbatan bo‘lgan huquqbuzarlikdan jabrlangan ayollarga ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ayollar bilan ishlashga ixtisoslashtirilgan maxsus bo‘limlardagi ishlarning tashkil etilishi xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ro‘yobiga yo‘naltirildi. Shuningdek, qabul qilingan qonunlarda aks ettirilgan normalarning bajarilishi yuzasidan ta'sirchan parlament va jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi O‘zbekistonda huquqiy demokratik jamiyat rivojiga xizmat qiluvchi kuchli omildir.        
Bundan tashqari, mazkur sohadagi huquqni qo‘llash amaliyotiga taalluqli bo‘lgan masalalar, mavjud normalarning xalqaro standartlarga mosligi, O‘zbekiston a'zo bo‘lgan sohaga tegishli xalqaro huquqiy hujjatlardagi qoidalarning milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi masalalari muhokama etildi. Deputatlar tomonidan berilgan takliflar asosida parlament nazorati tartibida mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.      

Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar tinglandi hamda bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda, fraksiya va komissiyaning tegishli qo‘shma qarori qabul qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top