16:40 / 13.09.2019
0
5841

O‘zbekistonda elektron tijorat ulushi 1,2 mlrd dollarga teng – ya'ni 1 foizdan kam

Foto: KUN.UZ

Bugun, 13 sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezidentning “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra joriy yilning birinchi yarmida respublikada 643 yirik ulgurji savdo korxonasi faoliyat yuritmoqda, ularning tovar aylanmasi 10,9 trln. so‘mni (2018 yilning birinchi yarmida - mos ravishda 611 va 8,5 trln so‘mni) tashkil etmoqda. Joriy yilning 8 oyi davomida ulgurji savdo aylanmasi 50,7 trn. so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,9 foizga oshgan, bunda eng yuqori o‘sish sur'atlari Qoraqalpog‘iston (15,9%) va Toshkent shahrida (10,6 %) kuzatilmoqda. Chakana savdo aylanmasi esa joriy yilning dastlabki 8 oyida 6,7 foizga ortib, uning hajmi 100 trn. so‘mdan ortiqroqni tashkil etdi. Birgina savdo sohasini erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida savdo xizmatlarining YaIMdagi ulushi 9,6 foizni, jumladan Toshkent shahrida 21,5 foizni tashkil qilmoqda (umumiy xizmatlarning YaIMdagi ulushi 37,8 foizni tashkil etadi). 

Tadbirda shuningdek elektron tijorat yo‘nalishida qilinayotgan ishlar, buning xufiyona iqtisodiyotga ta'siri haqida ham so‘z bordi.

Agar barcha xo‘jalik sub'yektlari bir yo‘nalishda ish olib borsa, biznes, davlat, yakka tartibdagi tadbirkorlar hozirgi kunda O‘zbekistonda elektron tijoratning ulushi 1,2 milliard dollarga, ya'ni 1 (bir) foizdan kam bo‘lsa, 2030 yilga kelib 15 milliard dollar – 20 foizga, 2040 yilga kelib esa hatto 50 milliard dollar – 50 foizga erishish mumkin, deya ma'lumot berildi. 

Kun.uz muxbirining “dunyo bo‘yicha iqtisodiy ko‘rsatkichlar odatda AQSh dollarida hisoblanadi. Bugun taqdim etilayotgan raqamlar milliy valutamizda keltirilgan. Holbuki bir oy ichida devalvatsiya taxminan 10 foizni tashkil qildi. Ko‘rsatkichlarning xalqaro standartlar bo‘yicha ifodasi qanday?” degan savoliga Markaziy Bank vakili Hasan Yorqulov bu mavzuni atroflicha o‘rganib, alohida ma'lumot berishini bildirdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top