18:09 / 13.09.2019
0
16994

Xorazmda noyob baliqlarni ovlagan brakonerlar jazolandi

Xorazm viloyatida yashovchi bir guruh fuqarolar brakonerlik qilgani uchun qonun oldida javob berdilar.

Xorazm viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan shu yilning yanvar oyida o‘tkazilgan reyd tadbirlari natijasida Gurlan tumanida yashovchi fuqarolar F.Yeldiboyev, G‘.Yuldashev, T.Bazarbayev va M.Nurmonov baliq tutish uchun mo‘ljallangan suzma to‘r bilan Amudaryoning Gurlan va Yangibozor tumani hududida O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan Amudaryo katta kurakburini (qilquyruq) va Orol mo‘ylabdori (so‘g‘yon, so‘zan) baliqlarini noqonuniy ovlagani aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Gurlan tumani sudining shu yilning iyul oyidagi hukmiga asosan F.Yeldiboyev, M.Nurmonov, T.Bazarbayev, B.Yuldashev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi 2-qismi «a,v» bandi bilan 1 yilu 6 oy ozodlikdan cheklash jazosi tayinlanib, sodir qilgan jinoyati natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun davlat foydasiga 6,1 million so‘m undirilishi belgilandi.

Shuningdek, Hazorasp tumanida yashovchi fuqaro A.Tajiyev «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun va «Ov qilish va baliq ovlash» qoidalari talablarini buzgan holda, taqiqlangan muddatda va taqiqlangan usulda, elektr qarmog‘i bilan «Toshsoqa» kanalining muhofaza qilinadigan hududida, «Qizil kitob»ga kirtilgan Orol mo‘ylabdori, oq amur, tovonbaliq va leshch baliqlarini noqonuniy ovlagani aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tumani sudining avgust oyidagi hukmiga asosan A.Tajiyevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan 3 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlanib, sodir qilgan jinoyati natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun davlat foydasiga 42,7 million so‘m undirilishi belgilandi.

Kun.uz muxbiri Nurmuhammad Said

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top