20:29 / 14.09.2019
0
5472

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi harbiylar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro otish musobaqasida mutlaq g‘olib bo‘ldi

10 sentabr kuni Jizzax viloyatida joylashgan Mudofaa vazirligi Forish tog‘ dala-o‘quv maydonida MDHga a'zo davlatlarning do‘stona armiyalari o‘rtasida shtatdagi qurollardan otish bo‘yicha xalqaro chempionatga start berilgan edi, deb yozadi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti. 

Bir necha kun davom etgan musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus va Tojikistondan kelgan harbiy xizmatchilar PM-3 hamda AK-3 jangovar qurolidan otish bo‘yicha qizg‘in raqobatga kirishdilar. 

Erkaklar o‘rtasida PM-3 qurolidan otish musobaqasida yurtdoshimiz kichik serjant Artyom Chernishev 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ushbu nominatsiyada barcha o‘rinlarni (2-o‘rin shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Azizjon Muhamedrahimov, 3-o‘rin mayor Enver Osmonov) o‘zbekistonlik vatan himoyachilari zabt etgan.

Ayollar o‘rtasida PM-3 qurolidan otish musobaqasida ham o‘zbekistonlik ishtirokchi, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Mariya Muhitdinova birinchilikni egalladi. 2-o‘rin qirg‘izistonlik praporshchik Zulayho Chalovaga, 3-o‘rin belaruslik praporshchik Anna Yakutsenyaga nasib etdi.

Erkaklar o‘rtasida AK-3 qurolidan otish musobaqasida belaruslik mayor Vladimir Kovalevich birinchilikni egallagan bo‘lsa, yurtimiz vakillari mayor Doniyor Jumanov va kichik serjant Roman Golashapov keyingi o‘rinlarni band qildi.

Ayollar o‘rtasida AK-3 qurolidan otish musobaqasida Rossiya Federatsiyasidan kelgan yefreytor Yuliya Desyaterik 1-o‘rinni, vakilimiz, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Yana Fatxi 2-, belaruslik kichik leytenant Viktoriya Yermalovich 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Umumjamoa hisobida PM-3 qurolidan otish musobaqasida O‘zbekiston 1-, Qirg‘iziston 2-, Belarus 3-o‘rinni zabt etdi.

AK-3 qurolidan otish musobaqasida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni O‘zbekiston, 2-o‘rinni Belarus, 3-o‘rinni Rossiya egalladi.

Umumiy hisobda umumjamoa tarkibida ham O‘zbekiston 1-, Belarus 2-, Qirg‘iziston 3-o‘rinlarni egalladi.

G‘olib va sovrindorlarga diplom, medal hamda kuboklar topshirildi.

Shundan so‘ng Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top