09:16 / 16.09.2019
0
30165

Yer uchastkalarini ajratishning yangi tizimi joriy etilishi kutilyapti

Foto: Flickr

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 fevralga qadar yer uchastkalarini ajratishning shaffof va tezkor tizimini joriy etish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini ajratishda shaffoflik va tezkorlikni ta'minlash maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda elektron shaklda tegishli materiallarni yig‘ish, ko‘rib chiqish hamda vakolatli organ va tashkilotlar bilan kelishish mexanizmini joriy etish;

fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini auksion asosida ajratish bo‘yicha “YER IJARA” avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish va amaliyotga joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 fevralga qadar hududlarning tuproq-iqlim sharoitlari va bozor konyukturasidan kelib chiqqan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun qishloq tumanlarni bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Markaziy bank, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, Uzumchilikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etish va ularni aholiga imtiyozli lizing shartlari asosida berish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Bunda intensiv bog‘ va tokzorlarni tayyor holatda barpo etish va ularni aholiga 3 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatlarda imtiyozli lizing shartlari asosida berish nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvarga qadar quyidagilar yuzasidan takliflarni ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

zaxira va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari, o‘rmon fondi hududida ekoturizmni rivojlantirish uchun qulay maydonlarni aniqlash;

turizmni yanada rivojlantirish maqsadida maxsus joylarni tashkil etish uchun hududlarni aniqlash;

suv xo‘jaligi sohasida turizmni rivojlantirish maqsadida suv fondi yerlari, shu jumladan, suv omborlaridan foydalanish samaradorligini oshirish.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top