18:40 / 21.09.2019
0
11812

Kattaqo‘rg‘onda taqiqlarga qaramay, fuqarolar gaz quvuriga tobora yaqinlashib qurilish ishlari olib borishgan - «Zirabuloq» MGQB

Joriy yilning 6 sentabr kuni Kun.uz saytida «Kattaqo‘rg‘onda magistral gaz quvuri yaqinida joylashgan o‘nlab uylar buzilishga tushgan — aholi bundan keskin norozi» sarlavhasi ostida maqola hamda video lavha e'lon qilindi.

Ushbu maqola yuzasidan tahririyatimizga «Zirabuloq» magistral gaz quvurlari boshqarmasi boshlig‘i Mehriddin O‘taganovdan munosabat kelib tushdi.

«Darhaqiqat, unda ko‘tarilgan muammoli masalalar kecha yoki bugun paydo bo‘lgan emas. U yillar davomida siz-u biz, aholining o‘zboshimchaligi, keng jamoatchilik, mahalla va boshqa davlat idoralari mas'ul xodimlarining e'tiborsizligi oqibatida kelib chiqmoqda, desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz», deb boshlanadi munosabat.

«Kun.uz sayti orqali e'lon qilingan materiallarda aholining haqli va nohaq e'tirozlari, gaz quvurining xavflilik darajasi, davlat idoralari xodimlari, jumladan, «Zirabuloq» magistral gaz quvurlari boshqarmasi Samarqand ta'mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘limining mas'ul vakillarining go‘yo necha yillardan buyon aholining tinchini buzib kelayotgani xolis bayon etilgan.

Ayni paytda ular haqida yana qayta to‘xtalib o‘tishga xojat yo‘q, deb o‘ylayman. Biroq Kun.uz muxbirining mas'ul xodimamiz Nigora Xushvaqtova bilan shunchaki telefon orqali muloqot qilibgina qolmasdan, muloqotda ta'kidlanganidek, rasmiy murojaat bilan kelib, uchrashib, bu boradagi muammolarga oydinlik kiritgan holda to‘laligicha yoritilganda maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu haqda o‘zimiz to‘xtalib o‘tishni ma'qul topdik.

«Jarqoq – Buxoro – Samarqand – Toshkent» magistral gaz quvuri (Mehnatkashlar deputatlari Samarqand oblast Soveti ijroiya komiteti)ning 1959 yil 21 sentyabrdagi №24/460-s-sonli qaroriga asosan 1959 yilda Kattaqo‘rg‘on hududidan o‘tkazilgan bo‘lib (protokol №12 Zasedaniya Ispolnitelnogo komiteta Kattakurganskogo rayonnogo soveta deputatov ot 28 aprelya 1959 goda), unga asosan o‘sha paytdagi Krupskaya nomidagi kolxoz hududidan magistral gaz quvuri o‘tkazish vaqtida yashab turgan 12ta xo‘jalikka kompensatsiya pullari to‘lab berilgan.

Shu bilan birga, magistral gaz quvuri 1959-1960 yillarda o‘tkazish vaqtida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi sobiq Krupskaya nomli, «Kommunizm», Kalinin nomli, «Leninizm» kolxozlarining ekin maydonlarini ham kesib o‘tgani bois hatto fermer xo‘jaliklariga ham kompensatsiya to‘lab berilgan.

Shundan so‘ng u hududda yashab kelgan aholi boshqa yerga ko‘chirilgan. Biroq ma'lumotlarga ko‘ra 1964 yilda sodir bo‘lgan tabiiy ofat tufayli bir necha oila Kattaqo‘rg‘on tumanining Lo‘blaxo‘r va Xaybar qishloqlariga qayta kelib o‘rnashgan.

Yillar o‘tgan sari aholi ko‘payishi natijasida ular shu yerda o‘troqlashib, diametri 720 mm — xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan birinchi toifali magistral gaz quvurining himoya hududidan ham uy-joylar qurila boshlangan.

Mustaqillik yillarida ham ushbu hududda aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan, hech qanday hujjatlarsiz, tegishli ruxsatnomasiz uy-joylarni qurish ishlari davom etgan. Inson hayotiga ochiqdan-ochiq xavf-xatar solishi mumkin bo‘lgan himoya hududdan uy-joy qurilayotganda na mahalla, na u yerdagi hudud inspektorlari qarshilik ko‘rsatishgan. Uning o‘rniga ayrim mahalla idoralari tomonidan tegishli normalarga javob bermaydigan uy-joy hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Bunga 2007 yilda Samarqand Magistral gaz quvurlari tarmoq ishlab chiqarish boshqarmasining Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudida mazkur muammoning ko‘rib chiqilishida aholi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosdir.

Darhaqiqat, soha xodimlari tomonidan yillar davomida fuqarolarga tushuntirish-targ‘ibot ishlari, berilgan ogohlantirishlarga qaramasdan, Lo‘blaxo‘r va Xaybar qishloqlari aholisining xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan birinchi toifali magistral gaz quvurining himoya hududidan qurilish ishlari davom etaverdi. Shu sababli muammolar qonuniy tartibda ko‘rib chiqilgan. Natijada 2007 yil 9 mart kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudida Kattaqo‘rg‘on tuman prokurorining Samarqand Magistral gaz quvurlari tarmoq ishlab chiqarish boshqarmasining da'vo ishi ko‘rib chiqilgan.

Sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, Lo‘blaxo‘r qishlog‘ida yashab kelgan A.Tojiyev, T.Boboqulov, U.Boboqulov, F.Ergashev, B.Ergashev, N.Xolboyev, B.Boboqulov; Xaybar qishlog‘ida yashab kelgan Sh.Hamdamov, R.Xalilov, H.Shokirov, J.Ro‘ziyev, S.Safarov, K.Karimov, Z.Pirnazarov oila a'zolari bilan birgalikda uy-joylaridan majburiy tartibda ko‘chirilishi yuzasidan qaror qabul qilingan.

Buni qarangki, sud qaroridan norozi bo‘lgan aholi fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat qilishganda ham u qanoatlantirilmagan. Biroq aholi davlat, sud-huquq idoralarining odilona hukmini doimiy ravishda o‘zlariga zug‘um sifatida qabul qilib kelgan. Shu bilan birga, olib borilgan chora-tadbirlarga qaramasdan fuqarolar yashash joylaridan ko‘chishmagan.

Shundan keyin ham yopig‘liq qozon yopiqligicha qolmadi. «Zirabuloq» magistral gaz quvurlari boshqarmasi Samarqand ta'mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘limi tomonidan bir necha bor sud-huquq organlariga, viloyat hamda respublika davlat idoralariga muammoni bartaraf etish, hayoti xavf ostida qolishi mumkin bo‘lgan aholini gaz quvurining belgilangan hududidan ko‘chirish masalasidagi murojaatlari yo‘llandi.

Jumladan, 2016 yil dekabr oyida ham Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudida fuqarolarning noqonuniy qurilishlarini buzishga oid sud qarorlari tasdiqlandi. 2017 yil 8 iyunda esa Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi, ichki ishlar organlari, kadastr, arxitektura va qurilish, favqulodda vaziyatlar bo‘lim va boshqarmalari mas'ul xodimlari hamda «Omonboy» mahalla fuqarolar yig‘ini faollari bilan hamkorlikda Omonboy va Xayvar qishloqlarida yashayotgan aholi xonadonlarida o‘rganishlar olib borilganida u yerdagi 49ta xonadon bo‘yicha tuman hokimining qarori mavjud emasligi aniqlandi.

Bir tomondan issiqqina o‘rnini bo‘shatib qo‘yishni istamayotgan aholi mutlaqo haqdek. Biroq ikkinchi tomondan ularning e'tirozlari ochiqdan-ochiq xavf-xatarga o‘z-o‘zini tashlash bilan barobar. To‘g‘ri, ularni ko‘chirib, uy-joy bilan ta'minlash bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi ham tegishli sa'y-harakatlarni olib bormoqda. Ammo aholi muhofaza hududni noqonuniy egallab olgani yetmagandek, «bir so‘m xarajatsiz» tayyor uy-joyni istayotganini aqlga sig‘dirish qiyin. Bugun ayrim fuqarolar olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari, qonuniy cheklovlar va taqiqlarni bir chetga surib, gaz quvuri tomon tobora yaqinlashib, yana va yana qurilish ishlari olib borayotgani tushunarsiz holat...

Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, maqsadimiz tilga olingan qishloq aholisining tinchini buzish emas, ularning mol-u jonini sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf-xatardan saqlash, bundan ogohlantirish.

Umid qilamizki, yuqori turuvchi davlat idoralari ham ushbu masalaga alohida e'tibor qaratib, biror ko‘ngilsiz holat ro‘y bermasdan avval muammolarni ijobiy hal etishda amaliy ko‘mak beradi», — deyiladi «Zirabuloq» magistral gaz quvurlari boshqarmasi boshlig‘i Mehriddin O‘taganovning tahririyatimizga yo‘llagan munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, mazkur masala yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi A'zamxon Bahromov bilan ham gaplashganimizda, tuman hokimi uyi buzilishga tushgan xonadonlar uchun faqat yopiq auksionda, boshlang‘ich narxda yer uchastkalari ajratib berib yordam qila olishi mumkinligini bayon etdi. Noqonuniy qurilgan uylar uchun kompensatsiya nazarda tutilmagani, qolaversa, ayrimlar avval kompensatsiya olib bo‘lgani, «O‘ztransgaz» ikkinchi marta kompensatsiya to‘lamasligini ham aytib o‘tildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top