11:05 / 21.09.2019
0
3152

Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazining O‘zbekistondagi rasmiy vakili tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori Shahobiddin Sharifov Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazining O‘zbekistondagi rasmiy vakili etib tayinlandi.

Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi (OTTTM) – BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO)ning hududiy muassasasi bo‘lib, Osiyo va Tinch okeanidagi davlatlarning kichik va o‘rta biznes korxonalariga texnologiyalar transferi bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, texnologiyalar transferi bilan bog‘liq turli xil loyihalarni amalga oshiradi, shu soha bilan bog‘liq ta'lim, hamkorlik aloqalari o‘rnatish, inson resurslarini rivojlantirish, institutsional qurilish kabi qator vazifalarni bajaradi.

OTTTMning maqsadi hududning texnologiyalar transferi imkoniyatlarini mustahkamlash, hamkor davlatlarga ekologik toza texnologiyalar kirishini rag‘batlantirishdir.

Mazkur nufuzli tashkilotga dunyoning 62 davlati a'zo bo‘lib, markaz bosh idorasi Hindistonning Nyu-Deli shahrida joylashgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonning Gandinagar shahrida bo‘lib o‘tgan “Jo‘shqin Gujarat – 2019” IX xalqaro investitsiya sammitida ishtirokidan so‘ng hamkor mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro tajriba, texnologiya almashish, yangi hamkorlar va investitsiyalarni jalb etishning yangi yo‘llarini topish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazida O‘zbekiston milliy muvofiqlashtiruvchi organining tashkil etilishi texnologiyalar transferidagi tendensiyalar, shart-sharoitlar, imkoniyatlarni tadqiq va tahlil etish, xalqaro tashkilotlar va manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, sohaga milliy kadrlar, ayniqsa ilmiy xodimlar va siyosiy tahlilchilarni tayyorlash uchun zamin yaratadi.

Ushbu markaz faoliyatini yurtimiz jamoatchiligiga taqdim etish maqsadida “InnoWeek.Uz” innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida 2019 yilning 30-31 oktabr kunlari BMT huzuridagi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazi bilan hamkorlikda “Innovation and Technology Transfer — Role of Intellectual Property” (“Innovatsiyalar va texnologiyalar transferida intellektual mulkning ahamiyati”) mavzusida OTTTMning mintaqaviy seminari o‘tkaziladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top