15:21 / 24.09.2019
2
5917

Murojaat natijasi: Popdagi qishloqda temir-beton simyog‘ochlar o‘rnatilmoqda

Kun.uz saytida «Simyog‘ochni ushlasangiz tok uradi». Popdagi muammolarga «ko‘milgan» qishloq» sarlavhali maqola e'lon qilingach, hududda elektr temir-beton simyog‘ochlar o‘rnatilishi boshlangan.

Maqolada Namangan viloyatining Pop tumani Mirobod qishlog‘idagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilgan edi. Murojaatchilar ichimlik suvi yo‘qligi, elektr simyog‘ochlar xavfli holatda ekani va boshqa muammolardan e'tiroz bildirishgandi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati xabar berishicha, maqola e'lon qilingan kunning o‘zida ishlar boshlab yuborilgan. Jamiyat xodimlari tomonidan 2020 yil uchun reja etib belgilangan yangi 1,5 km uzunlikdagi 6-0,4 kVli tarmoq qurilishi uchun chuqurlar kavlanib, shu kunning o‘zidayoq temir-beton tayanchlari olib borilgan va ularni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Rasmiy axborotga ko‘ra, Pop tumanida shu kunga qadar jami 10ta yangi transformator punktlari o‘rnatilgan bo‘lib, 16 km uzunlikdagi 10-6-0,4 kVli elektr uzatish havo tarmog‘i qurilgan, 36ta trasformator punktlari va 110 km uzunlikdagi 10-6-0,4 kVli elektr uzatish havo tarmoqlari ta'mirlangan. Jumladan, «Yangi yer» MFYda 2019 yilning sentabr oyigacha 3 dona yangi transformator punkti o‘rnatilgan bo‘lib, jami 300ga yaqin yangi temir-beton tayanchlari qurilib, 2,4 km uzunlikdagi 6 kVli hamda 4 km uzunlikdagi  0,4 kVli yangi elektr uzatish havo tarmog‘i tortilgan.

«Yangi yer» MFY aholisining elektr ta'minoti bilan bog‘liq olib borilayotgan ishlar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan nazoratga olingan.

«Ayni vaqtda elektr energiyasi ta'minoti bilan bog‘liq holatlar yuzasidan «Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJning 69-228-75-83 raqamiga yoki «Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ bilan muloqot» kanali (@hetmuloqot, @HET_admin) orqali ham o‘z murojaatlaringizni yo‘llashingizni so‘raymiz», deyiladi jamiyat ma'lumotida.

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, masala yuzasidan «Hududiy elektr tarmoqlari» tomonidan zudlik bilan ishlar boshlandi, biroq boshqa mutasaddi tashkilotlar hozircha jim. Tahririyat voqealar rivojini kuzatib boradi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top