17:11 / 26.09.2019
1
33327

Soliq siyosati bo‘yicha prezident farmoni: eng muhim uch jihat

Foto: Shutterstock

 Joriy yilning 25 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.

 DSQ matbuot xizmatining yozishicha, birinchidan, farmonning asosiy maqsadi – iqtisodiyotda soliq yukini kamaytirish va soliq rejimlarini birxillashtirish hisobiga teng raqobat sharoitini yaratishga qaratilgan.

 Jumladan, 2000 yildan buyon respublikamizda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foiz miqdorida amal qilib, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlari orasida eng yuqorilaridan biri edi.

 Yevropa ittifoqi davlatlarida esa, qo‘shilgan qiymat solig‘i hanuzgacha baland bo‘lib, Vengriyada 27 foizni, Daniyada 25 foizni, Buyuk Britaniyada 20 foizni, Fransiyada 20 foizni va Rossiya Federatsiyasida 20 foizni tashkil etadi.

 Farmon bilan respublikada qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab, 20 foizdan 15 foiz qilib belgilandi, ya'ni 25 foizga pasaytirildi.

 Qo‘shilgan qiymat solig‘ining davlat budjeti daromadlaridagi ulushi 30 foizdan ortiq. Shu inobatga olinadigan bo‘lsa, bu juda keskin qadam ekanligi anglashiladi.

 Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, budjetga qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumlari albatta kamayadi.

 Lekin, iqtisodiy nazariyadan kelib chiqilsa, biznes sub'yektlari yengilliklarni ijobiy qabul qilib, shaffof va ochiq faoliyat yuritishga o‘tadi. Bu esa, eng muhim maqsad.

Ikkinchidan, farmon bilan tadbirkorlik sub'yektlarini to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishlari uchun qiyinchiliklarga sabab bo‘lgan, soliq organlari tomonidan bank operatsiyalarini to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha amaldagi tartib bekor qilindi.

 Joriy yilning 1 sentabr holatiga 18,6 mingta ishlab turgan tadbirkorlik sub'yektlarining bank operatsiyalari to‘xtatilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida, ularga ishlab chiqarishda zarur xomashyo sotib olish yoki muhim texnologik dastgoh uchun pul o‘tkazish, ish haqini to‘lab berish imkoniyatini cheklab qo‘yayotgan edi.

Endilikda, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lovchilarning tijorat banklaridagi hisob raqamlarini “xavfni tahlil qilish” (risk-analiz) va ogohlantiruvchi chora-tadbirlarni qo‘llagan holda,

30 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish tartibini ishlab chiqish va bu me'yorlarni yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasiga kiritiladi.

 Uchinchidan, ish haqi jamg‘armasiga soliq solishdagi farqlashlarga barham berildi.

 Jumladan, 2020 yildan budjet va ayrim darajadagi soliq to‘lovchilardan tashqari, barcha sub'yektlar uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foizdan 12 foizga tushirildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 4609 ta bunday korxonalarda mehnat qilayotgan 664871 ta fuqarolarning ish haqi jamg‘armasidan kelgusi yili o‘rta hisobda 3 trillion so‘mni tejab qolgan holda, ishlovchilarning real daromadlarini oshirishga yo‘naltirish imkoniyati yuzaga keladi.

Prezidentning ushbu farmoni tadbirkorlik sub'yektlari uchun yanada yengilliklar yaratib, mamlakatimizda biznes jarayonlarining jadallashuvi, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va aholining daromadlarini oshishida muhim omil bo‘ladi.

Tadbirkorlik sub'yektlari uchun to‘laqonli ravishda teng raqobat sharoitini yaratish uchun keyingi qadam, yaqin kunlarda qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha mavjud imtiyozlarni bekor qilinishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan, soliq organlari tomonidan soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish uchun zamonaviy IT-texnologiyalaridan keng foydalangan holda, ko‘proq ma'lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va samarali (aqlli) soliq yig‘ishga o‘tish talab etiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top