10:58 / 01.10.2019
1
3451

«Hududiy elektr tarmoqlari»: energotejamkorlikni yosh avloddan boshlash ustuvor vazifa

«Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 71-umumta'lim maktabida «Elektr energiya tejamkorligi – bolalar nigohida» mavzusida uchrashuv o‘tkazdi.

Ma'naviyat darslari asosida o‘tkazilgan bu uchrashuvdan maqsad, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida elektr energiyaga bo‘lgan munosabatni shakllantirish hamda tejamkorlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdir.

Dars jarayonida o‘quvchilarga elektr ishlab chiqarish nechog‘lik mashaqqatli ish ekanligi, uning ortida qanchadan-qancha insonlarning mehnati turgani, elektr bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarilib, iste'mol qilingani bois uni zahiraga yig‘ish imkoni yo‘qligi haqida so‘zlab berildi. Albatta, undan tejamkorlik bilan oqilona foydalanishning oddiy usullar borasida ham maslahatlar berib o‘tildi. Zero, o‘quvchilarda tejamkorlik tushunchalarini shakllantirish orqali, ularning ongida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, yer, yer osti boyliklari, suv hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylik ekani, ulardan oqilona foydalanish zarurligini anglashni o‘rgatish mumkin.

Yo‘qsa, elektr ishlab chiqarishni qanchalik oshirmaylik, uning sarfini tartibga solmas ekanmiz, yildan yilga ortib borayotgan talabni qondirish juda mushkul. Birgina telefon quvvatlagichini olaylik. U tokka ulangan holda kunu tun qolsa, o‘rtacha bir oyda 1,5 kVt⋅soat, yiliga 18 kVt⋅soat energiya sarflaydi.

Mutaxassislarimizning elektr energiya tejamkorligini ta'minlash maqsadida o‘tkazgan o‘rganishlaridan ma'lum bo‘lishicha, hozirda yurtimizdagi har bir xonadonda bir yilda o‘rtacha 400 kVt⋅soatgacha elektr energiyasini tejash imkoniyati mavjud. Bu ko‘rsatkich yurtimiz bo‘yicha 1,8 milliard kVt⋅soatga aylanadi.

Taqqoslaydigan bo‘lsak, ushbu tejalgan energiya bilan aholisi o‘rtacha bo‘lgan bir viloyatni bir yil mobaynida uzluksiz elektr energiya bilan ta'minlash mumkin. Ko‘rinib turibdiki, xonadonlarda, ishlab chiqarish sanoati va boshqa turli tarmoqlarda elektr energiya tejamkorligini ta'minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.

Qolaversa, elektr energiyani tejash orqali ekologik barqarorlikka ham munosib ulush qo‘shish mumkin. Zero, 1 kVt⋅soat elektr ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga 0,06 kilogramm ko‘mir chiqindisi, 0,12 metr kub is gazi chiqadi. Demak, iste'molchi elektr energiyadan oqilona foydalansa, ham tabiiy ne'matlarni tejashga, ham atrof-muhit musaffoligiga o‘z ulushini qo‘shgan bo‘ladi. Shuningdek, iste'molchini ortiqcha mablag‘ sarflashdan ham asraydi.

Tadbir davomida o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari hayotiy misollar bilan javob berishdi. Qayd etish joizki, «Hududiy elektr tarmoqlari» bunday ma'naviyat darslarini ayni vaqtda barcha hududlarda o‘tkazmoqda.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top