08:37 / 01.10.2019
0
8478

Pekinda Xitoy tashkil topganining 70 yilligi tantanalari boshlandi

Foto: REUTERS

Pekindagi Tyananmen maydonida 1 oktabr mahalliy vaqt bilan soat 10:00da Xitoy tashkil topganining 70 yilligi munosabati bilan bayram tantanalari boshlandi.  

Minbarga Xitoy raisi Si Tszinpin, davlat kengashi bosh vaziri Li Ketsyan, mamlakat rahbariyatining boshqa a'zolari hamda sobiq rais Tszyan Tszemin ko‘tarildi.

Tantanalar boshlangani haqida Li Ketsyan e'lon qilgan. Shundan keyin parad qurollarining 70 marta o‘q uzishi ostida maydonga Xitoy bayrog‘i olib chiqilib, flagshtokda ko‘tarilgan va harbiy orkestr davlat madhiyasini ijro etgan.

So‘ngra Xitoy tarixidagi eng yirik harbiy parad boshlangan. Unda 15 ming harbiy, 160 ta jangovar samolyot va vertolyot hamda 580 ta harbiy texnika birligi ishtirok etgan. 

1949 yilda tashkil etilgan Xitoyda harbiy paradlar 1959 yilgacha har yili o‘tkazilgan, keyin hukumat uni har 10 yilda o‘tkazishga qaror qilgan. Biroq mamlakatda yuz bergan “madaniy inqilob” vaqtida (1966-1976 yillar) paradlar o‘tkazilmay qo‘yilgan. Keyingi parad Xitoy tashkil topganining 35 yilligi munosabati bilan 1984 yildagina, undan keyingilari esa 1999 va 2009 yilda o‘tkazilgan. 

Turli yillarda paradlar davomiyligi turlicha bo‘lgan. Eng uzoq davom etgan parad 1949 yilda o‘tkazilgan ilk parad bo‘lgan va u 150 daqiqa davom etgan. Joriy parad 80 daqiqaga mo‘ljallangan.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top