12:30 / 02.10.2019
1
16070

Hukumat Samarqand viloyati bo‘yicha qaror qabul qildi. Turizmda jiddiy o‘zgarishlar kutilyapti

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Samarqand viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar:

2019-2022 yillarda Samarqand viloyatida turizm sohasini rivojlantirishning maqsadli parametrlari;

Samarqand viloyatida turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

Xalqaro moliya institutlari, shu jumladan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Samarqand viloyati bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari ro‘yxati;

Samarqand viloyatida avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va turizm marshrutlari bo‘yicha piyodalar ko‘chalarini qurish obektlarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari - transport vaziri A. J. Ramatovga - Samarqand viloyatida transport va muhandislik kommunikatsiyalarini rivojlantirish tadbirlarining samarali amalga oshirilishi;

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari A. A. Abduhakimovga Samarqand viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli parametrlar va vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi;

Samarqand viloyati hokimi E. O. Turdimovga - turizm infratuzilmasi obektlarini qurish uchun yer uchastkalarining o‘z vaqtida ajratilishi, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanishini ta’minlash bo‘yicha javobgarlik yuklandi.

Belgilanishicha, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab YuNeSKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar, shu jumladan bufer zonalardan tashqari, Samarqand shahridagi yer uchastkalari mehmonxonalar qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-aukitsoi orqali taqdim etiladi va quyidagi investitsiya majburiyatlari yuklanadi:

maydoni 6 sotixdan 15 sotixgacha bo‘lgan yer uchastkasini ajratishda investorga 50 ta xonadan kam bo‘lmagan mehmonxona qurish;

maydoni 15 sotixdan 30 sotixgacha bo‘lgan yer uchastkasini ajratishda holatda - 100 xonadan kam bo‘lmagan mehmonxona;

50 sotix va undan ortiq maydonga ega yer uchastkasini ajratishda - 200 ta xonadan kam bo‘lmagan, 3-5 yulduzli toifadagi standartlarga mos keladigan mehmonxona qurish yuklanadi.

Belgilanishicha, Samarqand shahrining quyidagi asosiy ko‘chalarida xususiy investorlarni jalb qilgan holda, 2019-2021 yillarda turizm infratuzilmasi tashkil qilinadi:

“Universitet” xiyoboni - piyodalar uchun alleya va turistlar dam olishi uchun sharoit yaratish (“Wi-Fi” zonalar, zamonaviy yoritish, veloyo‘lak va yugurish uchun yo‘laklar va boshqalar);

Islom Karimov ko‘chasi - piyodalar alleyasini milliy usulda va o‘rta asrlar ruhida obodonlashtirish;

Alisher Navoiy va Pushkin ko‘chalari - musiqachilar, rassomlar, ko‘cha aktyorlari va tez ovqatlanish nuqtalari bilan birga piyodalar alleyasini tashkil etish;

Orzu Mahmudov ko‘chasi - gastronomik turizmni rivojlantirish bo‘yicha maxsus hudud tashkil qilish, xususan, turli mamlakatlar taomlari tayyorlanadigan ovqatlanish nuqtalarini tashkil qilish va ularni tungi vaqtda ham ishlashini ta’minlash.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi uch oy muddatda Samarqand shahridagi asosiy ko‘chalarda turizm infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha master-rejalar ishlab chiqilishini ta’minlaydi.

Samarqand viloyati hokimligi master-rejalar ishlab chiqilganidan so‘ng bir oy muddatda ularni xususiy investorlarning eng yaxshi takliflarini belgilangan tartibda tanlab olish va muhandislik hamda kommunikatsiya tarmoqlariga ulashni ta’minlash orqali amalga oshirilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi va Samarqand viloyati hokimligining:

Amir Temurning “Bog‘i baland” va “Bog‘i Shamol” bog‘lari joylashgan joyini aniqlash opqali xususiy investorlarni jalb qilgan holda, ularni qayta tashkil etish va tarixiy qiyofasini qayta tiklash;

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan Amir Temurning 12 ta bog‘i haqidagi axborotni ular joylashgan joyi, har bir bog‘ning xususiyatlari, maydoni, yaratilish tarixini yorituvchi interfaol xaritalar ishlab chiqish;

Samarqand viloyati mahalliy budjeti va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan YuNeSKO bilan kelishilgan holda, "Sheroz qal’a” (Bulung‘ur tumani), “Dobusiya” (Paxtachi tumani), Revdat shaharchasi - Kofir qal’a (Samarqand tumani), Afrosiyob shaharchasidagi (Samarqand shahri) arxeologik yodgorliklarni restavratsiya qilish;

arxeologik yodgorliklar hududida davlat-xususiy sheriklik shartlar asosida “ochiq osmon ostidagi” muzeylarni tashkil qilish va tashrif buyuruvchilarni elektron hisobga olish tizimlarini joriy etish, qurilish ishlarini amalga oshirmasdan sanitariya-gigiyena punktlarini, shuningdek, suvenir mahsulotlar sotilishini tashkil qilish.

Tajriba sifatida uch yil muddatga shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra 2020 yil 1 yanvardan;

a) O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi budjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan Samarqand viloyati madaniy meros obektlari va me’moriy yodgorliklariga kirish joylariga elektron hisoblash tizimlariga ega zamonaviy turniketlar tanlov asosida sotib olinadi, montaj qilinadi va o‘rnatiladi;

b) Samarqand viloyatining madaniy meros obektlari va me’moriy yodgorliklari obektlarida chiptalar aylanmasining yagona elektron tizimi asosida elektron biletlar sotilishidan tushgan pul mablag‘larini taqsimlash mexanizmi joriy etiladi, unga ko‘ra 2018 yil yakunlari bo‘yicha tushgan mablag‘lar, ushlab qolinib, balans saqlovchilar hisob-raqamlariga yo‘naltirilgandan so‘ng quyidagi tartibda taqsimlanadi:

25 foizi - O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga obektni rekonstruksiya va restavratsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun;

25 foizi - balans saqlovchilarning hisob-raqamiga obekt hududida obodonlashtirish ishlarini o‘tkazish va qulay sharoitlar yaratish uchun;

50 foizi - O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga Samarqand viloyatining turizm salohiyatini namoyish etish uchun;

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tajriba yakunlari bo‘yicha uch oy muddatda ushbu mexanizmni respublikaning boshqa hududlaridagi madaniy meros obektlari va me’moriy yodgorliklarida joriy etishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Samarqand viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda quyidagilar nazarda tutilgan taklifni ikki oy muddatda ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

Samarqand viloyatining eshkak eshish kanaliga tutash hududni zamonaviy kompleks infratuzilma va turistik zonalar, shu jumladan dam olish zonalari, mehmonxonalar, bolalar maydonchalari, suzish havzalarini yaratish bilan birgalikda rekonstruksiya qilish;

“Imom Al-Buxoriy" majmuasiga tutash hududlarni turizm infratuzilmasini qurish, shuningdek, ziyoratchilar va turistlar uchun qo‘shimcha qulayliklar, shu jumladan “halol” standart bo‘yicha umumiy ovqatlanish obektlari, diniy marosimlar va dam olish uchun joylar yaratish bilan birgalikda rivojlantirish;

“Alpomish“ zavodi (sobiq “Krasnyy dvigatel”) hududida zamonaviy dam olish va ko‘ngilochar industriyaga ega “Turistik markazi”ni faqat YuNeSKOning roziligi olingandan so‘ng tashkil etish.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Samarqand viloyatida turizm infratuzilmasi obektlarini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklariga xalqaro moliya institutlarining 100 million AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyalarini jalb qilish masalasini ikki oy muddatda ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi:

a) Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha mavjud turizm ehtiyojidan kelib chiqib, xorijiy aviakompaniyalar bilan yangi aviaqatnovlar ochish to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazish;

mahalliy va xorijiy turistik kompaniyalar buyurtmanomalariga asosan “Samarqand” xalqaro aeroportida xorijiy turistlarni tashish uchun charter reyslarni amalga oshirishni tashkil qilish;

b) “Uzbekistan Airports” AJ va “Uzbekistan Airways” AJ bilan birgalikda Samarqand shahriga MDH, XXR, Indoneziya, BAA, Bangladesh, Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropa mamlakatlaridan turistlar oqimini ko‘paytirish uchun aviamarshrutlar ishlab chiqish;

v) “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Qurilish vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda Samarqand shahrida arqonli yo‘l qurish konsepsiyasini uch oy muddatda ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

“Registon” ansamblini muhofaza qilish va undan foydalanish direksiyasi Samarqand viloyati hokimligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab:

Turizm mavsumi davomida “Registon” kompleksining har kuni soat 7:00 dan (mart-noyabr) 24:00 gacha ish rejimi o‘rnatilishini;

turistlar uchun turizm xizmatlarini monetizatsiyalashga qaratilgan tegishli xizmatlar tashkil etilishini (teatr shoular tashkil qilish, havo sharida ekskursiya, ansambl tarixi haqida qisqa metrajli filmlar namoyishi va boshqalar);

turizm xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish maqsadida, obekt hududida axborot ko‘rsatkich belgilari o‘rnatilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

Samarqand viloyatining madaniy meros obektlari va me’moriy yodgorliklariga elektron chiptalar bo‘yicha kirish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish va turniketlardan o‘tishda inson omilining bartaraf etilishi;

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bilan birgalikda “Registon” ansamblida lazerli “3D-mapping" namoyishi vaqtida jamoat tartibini muhofaza qilishi tashkil etilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Madaniyat vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi bilam birgalikda uch oy davomida:

mavsum bo‘lmagan davrda (20 noyabrdan 20 fevralgacha) respublika fuqarolari uchun narx belgilash qayta ko‘rib chiqilishi va chegirmalar tizimini joriy etish;

Samarqand shahrining madaniy meros obektlari va me’moriy yodgorliklarning soat 22:00 gacha ishlashini ta’minlash orqali ish vaqtini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha choralar ko‘radi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top