16:10 / 03.10.2019
0
20247

Saida Mirziyoyeva ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus kompyuter markazini taqdim qildi

Toshkent shahridagi Ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan maxsus kompyuter markazi ochildi.

Davlat rahbarining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida amalga oshirilgan ushbu loyiha maktab o‘quvchilarining ta'lim olishida qulayliklar yaratib berishga mo‘ljallangan.

Markazning ochilish marosimida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva so‘zga chiqib, bolalarni yangi qulaylik bilan tabrikladi. Shuningdek, bolalarga insoniyat sivilizatsiyasida alohida o‘ringa ega bo‘lgan va turli davrlarda yashagan insonlar hayoti va qilgan ishlari haqida ma'lumot berib o‘tdi. Galileo Galiley, Iogan Sebastyan Bax, Jozef Pulitser, Andrea Bochelli, Lui Brayl shular jumlasidan.

«Men hayoti haqida qisqacha hikoya qilgan ushbu odamlarni siyosatchi, olim, kompozitor, artist bo‘lishlariga qaramay bitta narsa ularni birlashtiradi: hammasining ko‘rish bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan. Qaysidirlari bilan bu hodisa tug‘ilganlaridanoq, qaysilari bilandir umr yo‘llari davomida sodir bo‘lgan. Lekin shunday bo‘lishiga qaramay ular juda katta yutuqlarni qo‘lga kiritishgan va qiyinchilik odamni yenga olmasligini isbotlab qo‘yishgan.

Andrea Bochelli ta'kidlaganidek, «Hayotimizdagi har qanday muhim qadamni qo‘ya olishimiz o‘z xohishimizga bog‘liq». Shuning uchun siz ham doimo o‘zingizga ishonishingiz zarur. Chunki butun dunyo sizga ishonadi», deya ta'kidladi Saida Mirziyoyeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, yangi kompyuter markazi bolalarning yaxshi ta'lim olib, axborotni saralay olishlariga va eng muhimi, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga yordam bera olish uchun bitta imkon bo‘lishi mumkin.

Tadbir davomida tashkilotchilar tomonidan ma'lumot berilishicha, maktabga keltirilgan kompyuterlarning barchasi ko‘rish qobiliyati cheklangan bolalar uchun maksimal darajada moslashtirilgan bo‘lib, ularning ekranlarida maxsus ovozli interfeyslar bilan ishlaydigan dasturlar mavjud.

Bolalarning kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida esa kompyuterlarga O‘zbekiston milliy kutubxonasida saqlanayotgan «Bolalik kunlarimda» loyihasi doirasidagi audioertaklar joylashtirilgan.

«Ushbu kompyuterlarda bolalar bilan ham dars o‘tishimiz, ham ulardan kutubxona sifatida foydalanishimiz mumkinligi ancha qulaylik yaratadi. Ular bilan turli dasturlarda o‘quvchilarning o‘zi erkin ishlashi  ham mumkin», - deydi maktab informatika-matematika fani o‘qituvchisi Oqmurod O‘tamurodov.

Bundan tashqari, kompyuter markazi ochilishi yakunida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov «Tashkent book fest -  2019» ko‘rgazma-yarmarkasi davomida taqdimoti o‘tkazilgan «O‘tkan kunlar» audioromanini ham maktabga sovg‘a sifatida topshirdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top