14:58 / 06.10.2019
0
36526

Ishtixon dehqon bozoridagi yong‘in va o‘t o‘chirishni ta'minlashga monelik qiluvchi to‘siqlar - video

Samarqand viloyati Ishtixon tumani markazidagi dehqon bozori yaqindagina ta'mirdan chiqarildi. Garchi bu yerda sotuvchilar va xaridorlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lsa-da, yong‘in xavfsizligi qoidalariga mutlaqo amal qilinmagani xavotirli.

Bu haqda Yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi viloyat televideniyesida ham chiqish qilgan edi. O‘sha reportajda yong‘in xavfsizligini ta'minlash uchun bozorda sharoit yo‘qligi, chunonchi, o‘t o‘chiruvchi mashinalar bozor hududiga kira olmasligi, bunga bozor darvozasi oldidagi temir to‘siqlar monelik qilishi, suv to‘ldiriladigan hovuz bo‘shligi, yong‘inga qarshi kurashish qalqoni talab darajasida emasligi tanqid ostiga olingan edi.

Televideniyedagi tanqidga munosib javob berilmadi va barcha qo‘rqqan hodisa ro‘y berdi — bozordagi do‘konlardan biriga o‘t ketdi. Tadbirkor Umid Mamashov yongan do‘konni ijaraga olganiga endigina bir oy bo‘lgan edi. O‘t nimadan chiqqani noma'lum, shunisi aniqki, elektr simlar yaqindagina almashtirilgan, transformatorda hech qanaqa qisqa tutashuv alomatlari yo‘q. Biroq do‘koniga o‘t ketib, u 200 million so‘mga yaqin oziq-ovqat mahsulotlaridan ayrildi.

Do‘kondor do‘konga kimdir o‘t qo‘yganidan ham shubhalanmoqda va bu borada huquq-tartibot idoralariga ham murojaat qilgan. Shuningdek, u o‘ziga yetkazilgan zararlar mazkur holatga aybdorlar tomonidan to‘lab berilishini ham istamoqda.

Do‘konning orqasidagi ko‘cha ham mojaroli. Fuqarolardan biri u yerdan yuk keltiruvchi do‘kondorlardan tovlamachilik qilib pul talab qilayotganini aytib berishdi. Bu holga mahalla uchastka inspektori ham chora ko‘rolmayapti ekan.

Biz shu mavzuda Ishtixon tuman hokimi Shuhrat Negmatov bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, bozor darvozasiga to‘siq bozor hududiga mashinalar kirib, tartibsizlik vujudga keltirishining oldini olish uchun o‘rnatilgan.

Tuman hokimining ham gapida jon bor. Bozor hududida mashinalarning doimiy harakatlanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biroq, o‘t o‘chirish xizmati mashinalarining kirishiga sharoit yaratilishi kerak.

Bozorda yong‘inga qarshi kurashish uchun barcha sharoit muhayyo qilinishi shart. Bozorda do‘konlar bir biriga taqab qurilgan. Xudo ko‘rsatmasin, bozorda kattaroq yong‘in yuz bersa nima bo‘ladi?

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top