16:17 / 07.10.2019
0
11265

Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlarining nomi ma'lum bo‘ldi

Foto: AFP

Tibbiyot bo‘yicha 2019 yilgi Nobel mukofoti Uilyam Kelin, Peter Ratkliff va Gregg Semensa tomonidan tirik hujayralar kislorod borligiga qanday reaksiya bildirishini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot uchun olindi. Bu haqda Karolin tibbiyot instituti qoshidagi Nobel qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita xabarnomasida ta'kidlanganidek, garchi kislorodning hayot uchun asosiy ahamiyati uzoq vaqtdan beri tushunarli bo‘lsa-da, biroq hujayralarning ushbu gaz darajasidagi o‘zgarishlarga qanday moslashishi noma'lum bo‘lib qolayotgandi.

«Ular turli darajadagi kislorodga javoban genlar faolligini tartibga soluvchi molekulyar mexanizmni aniqlashdi. Bu yilgi Nobel mukofoti laureatlarining fundamental kashfiyoti hayotdagi eng muhim moslashish jarayonlaridan birining mexanizmini ochib berdi», -deyiladi xabarnomada.

Bu yilgi laureatlarning tadqiqoti kislorod darajasi moddalar almashinuviga qanday ta'sir qilishini tushunish uchun asos bo‘ldi. Bundan tashqari, ularning kashfiyoti anemiya, saraton va boshqa kasalliklarga qarshi kurashishning yangi, istiqbolli usullarini yaratishga imkon beradi.

Taqdirlash marosimi an'anaga ko‘ra 10 dekabr, Nobel mukofotlari asoschisi - shvetsiyalik tadbirkor va ixtirochi Alfred Nobelning vafot etgan kuni o‘tkaziladi.

U vasiyat qilgan beshta mukofotdan to‘rttasi Stokholmda topshiriladi. Tinchlik uchun Nobel mukofoti sohibi o‘z mukofotini Osloda 10 dekabr kuni oladi.

Nobel mukofotlaridan har birining miqdori to‘qqiz million shved kronasi (950 ming dollardan ozroq)ni tashkil etadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top