20:15 / 08.10.2019
0
9005

Geologiya qo‘mitasi Zarmitan geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi xodimlari maoshsiz ta'tiliga chiqarilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi «Zarmitan geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi»ning 350 nafar xodimi oylik maoshi saqlanmagan holda ta'tilga chiqarilgani yuzasidan tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, 8 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Zarmitan qo‘rg‘onida joylashgan «Samarqandgeologiya» Davlat unitar korxonasiga qarashli «Zarmitan geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi»ning 350 nafar xodimi oylik maoshi saqlanmagan holda ta'tilga chiqarilgani aytilgan videomurojaat e'lon qilingan.

«Videomurojaatda keltirilgan holatlarning qanchalik haqiqatga yaqinligiga oydinlik kiritish maqsadida Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan maxsus Ishchi guruh tuzildi va dastlabki o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra videomurojaatda tilga olingan holat haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlandi.

Videomurojaat muallifi Habiba Toshboyevna «Zarmitan geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi»ning ishchi xodimi emas, ayni paytda Turkiya davlatida istiqomat qilayotgani aniqlandi.

8 oktabr kuni «Samarqandgeologiya» Davlat unitar korxonasi rahbariyati, Qo‘shrabot tuman adliya bo‘limi bosh mutaxassisi J.Qarshiyev, Qo‘shrabot tuman bandlikka ko‘maklashish markazi yordamchi huquq inspektori X.Hamroyev, Qo‘shrabot tumani hokimiyati axborot xizmati rahbari B.Mamadiyorov zudlik bilan masalani joyida o‘rganish maqsadida korxona jamoasi bilan videomurojaatda ko‘rsatilgan masala bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi.

Zarmitan dala geologiya qidiruv ekpeditsiyasi «Samarqandgeologiya» davlat unitar korxonasi tasarrufida faoliyat olib boradi. Tashkilotda jami 358 nafar ishchi xodim mehnat qiladi. Geologiya qidiruv ishlari har yili tasdiqlanadigan davlat dasturi asosida olib boriladi. 2019 yil 1 oktabr holatida Zarmitan dala-geologiya qidiruv ekspeditsiyasiga belgilangan burg‘ilash ishlarining yillik hajmi to‘liq bajarib bo‘lingan. Shu jihatdan ta'kidlab o‘tish joizki, ayrim geologiya-qidiruv obektlari iqlim hamda tog‘-geologik sharoiti murakkabligidan kelib chiqib mavsumiy xarakterga ega. Ushbu obektlarda olib borilgan ishlar asosida yakuniy hisobotlar tuzilib davlat zaxiralari komissiyasiga taqdim etishga tayyorlanmoqda. Shu sababli, yuqorida ko‘rsatilgan burg‘ilash ishlarini yakunlagan brigada a'zolariga va yordamchi sex ishchi xodimlariga (jami 85 nafar) o‘zlarining tashabbuslari bilan arizalari asosida maoshsiz ta'til berilgan. Qolgan 273 nafar ishchi xodim mehnat faoliyatlarini davom ettirmoqda», deyiladi qo‘mita xabarida.

Qo‘mita olib borilayotgan o‘rganish yakunlari haqida batafsil axborot berilishini ta'kidlab o‘tgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top