17:30 / 08.10.2019
1
19663

Sharof Rashidov tumanida rejani ortig‘i bilan bajargan fermerga Prezident sovg‘asi sifatida avtomobil topshirildi

Sharof Rashidov tumanidagi «Zarafshon» fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasidagi «Oqoltin kamalagi» fermer xo‘jaligi dehqonlari Jizzax viloyatida birinchilardan bo‘lib yillik rejani bir terimda, 6 ish kunida bajarishdi.

Sharof Rashidov tumani joriy yildan yangi «klaster» tizimida ishlamoqda. O‘tgan yili fermer xo‘jaligida yillik reja 58 foiz bo‘lgandi, 2019 yilda esa yillik reja 120 foizga yetkazib bajarildi, o‘rtacha hosildorlik 35 sentnerni tashkil etdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, «Oq oltin kamalagi» fermer xo‘jaligining dala shiyponida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Sharof Rashidov tumani hokimi Zoyir Mirzayev va viloyat IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov zafar marrasiga yetib kelgan paxtakorlarni g‘alaba bilan qutlab, fermer xo‘jaligi rahbari Vohid Mahkamovga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan «Neksiya-3» yengil avtomobilining kalitini topshirishdi. Shuningdek, paxta terimida alohida xizmat ko‘rsatgan paxtakorlarga ham sovg‘alar topshirildi.

«Daromadimiz g‘alladan 140 million so‘m bo‘lgan bo‘lsa, paxtadan 115 million so‘m jami 255 million so‘mni tashkil qildi. Bu mablag‘ga yuqori unumdor traktor olmoqchimiz.

Bugun muhtaram Prezidentimizning sovg‘asi «Neksiya» avtomashinasini qabul qilib oldik, hosil bayramimiz haqiqiy tuyga aylandi.

Yoshim 28da, otam bir umr qishloq xo‘jalik sohasida ishlagan, oilada 12 kishimiz, lekin shaxsiy mashinamiz bo‘lmagan. Buni otamga sovg‘a qilmoqchiman», — deydi fermer Vohid Mahkamov.

Shu kunning o‘zida mazkur fermer dalasiga tutash joylashgan «Jizzax zamin safosi» fermer xo‘jaligi ham shartnomaviy rejani 105 foizga bajardi. Mazkur fermer xo‘jaligi mirishkorlari ham 30 gektar yerga chigit qadab, qilgan mehnatlari samarasi o‘laroq dastlabki 200 million so‘mlik daromadni qo‘lga kiritishdi.

Bu xabar to‘yga tuyona bo‘ldi, oradan hech qancha vaqt o‘tmay butun «Yaxtanlik» mahalla ahli to‘planib, g‘oliblarni qutlashdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top