15:20 / 10.10.2019
4
18009

«Bir nafar inspektor avvalgi 5-6 nazoratchining ishini bajarmoqda» - Samarqand viloyat MIB boshlig‘i

Samarqand viloyati Matbuot markazida Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘i Alisher Zokirov boshqarma faoliyati haqida o‘zining qisqacha ma'lumoti bilan o‘rtoqlashdi.

Byuroning viloyat boshqarmasi tizimida bugungi kunda 1145 nafar xodim, shu jumladan, 612 nafar inspektor va 185 nafar ijrochi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

MIB tashkil etilganidan buyon hozirga qadar birgina Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan energiya resurslari, suv iste'moli va qattiq maishiy chiqindilar sohasida 2,9 trln. so‘m undirildi. Shundan tabiiy gaz uchun — 1,3 trln. so‘m, elektr energiyasi uchun — 1,7 trln. so‘m, suv ta'minoti uchun — 103,7 mlrd. so‘m va maishiy chiqindilardan tozalash xizmatlari uchun — 14,7 mlrd.so‘m. Bu ko‘rsatkich, MIB tashkil etilmasdan avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 250 foizga ko‘p.

2018 yilning 9 oyida energiya resurslari va ichimlik suvi ta'minoti hamda maishiy chiqindilardan tozalash xizmatlari uchun umumiy undirilgan mablag‘lar miqdori 820,8 mlrd. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 43,4 foizga oshgan va qariyb 1,2 trln. so‘mni tashkil etgan.

«Bir nafar MIB inspektori avvalgi tizimdagi 5-6 nafar nazoratchining ishini bajarmoqda. MIB tashkil etilganidan buyon o‘tgan 2,5 yilda Samarqand viloyati boshqarmasi tizimida ish hajmining ko‘pligi va og‘ir sharoitda ishlashni hohlamagan 633 nafar xodim o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shatilgan», — dedi A.Zokirov.

Shu yilning o‘zida byuro xodimlariga qarshilik ko‘rsatish, ya'ni ularga jarohat yetkazish bilan bog‘liq 7ta holat qayd qilinib, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rildi.

O‘tgan 9 oyda xodimlarning nomunosib xatti-harakatlari yuzasidan 231 nafar xodimga nisbatan jami 102ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Boshqarma boshlig‘i A.Zokirov MIBning Payariq tuman bo‘limi boshlig‘i Z.Qosimov bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan savollarga javob berar ekan, rahbarning bunday xatti-harakatlarini mutlaqo oqlamasligini ta'kidlab, holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi olib borilayotgani va uning yakunlari OAVga alohida ma'lum qilinishini bildirib o‘tdi.

Matbuot anjumanida aholining noreal qarzdorliklari masalasida ham savol tushdi. Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Yusupov bu borada o‘tkazilayotgan xatlov masalalari bo‘yicha tushuncha berdi. Energiya sotuvchi korxonalar tomonidan xato hisob-kitoblar natijasida paydo bo‘lgan noreal qarzdorliklarga Byuro xodimlari tomonidan aniqlik kiritilishi aytib o‘tildi. Tushuntirilishicha, shunday qarzdorliklarga ega aholi vakillari tomonidan zarur hujjatlar taqdim etilgan holda ushbu qarzdorliklar umumiy bazadan o‘chirib yuboriladi va uning yana paydo bo‘lishining oldi olinadi.

B.Yusupov joriy yilda 176 milliard so‘mga teng noreal qarzdorliklar bekor qilinganini aytib o‘tdi.

A.Zokirovning qo‘shimcha qilishicha, keyingi yillarda ijro intizomining namunali yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan joriy oylarda sotilayotgan energiya resurslari uchun to‘lovlar o‘z vaqtida yig‘ib olinmoqda. Masalan, Samarqand viloyatida bir oyda o‘rtacha 47 milliard so‘mlik energiya resurslari sotilsa, sentabr oyi rejasi viloyatda 107 foizga uddalangan. Bunda eski qarzdorliklarni ham undirish hisobiga bu ko‘rsatkichga erishilgani qayd etildi.

Shuningdek, A.Zokirov MIB tomonidan ijrochilarga hech qanday kunlik yig‘im rejasi qo‘yilmasligi, biroq hududdagi bir oylik iste'mol prognozidan kelib chiqib, davlat inspektorlari o‘zlariga biriktirilgan hududda yig‘im sxemasini mustaqil ravishda hal qilishlarini aytib o‘tdi.

Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Uchqun Butunov sud ijro hujjatlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ma'lumot berdi. Chunonchi, eng yirik aliment Bulung‘ur tumanida undirilgani va uning miqdori 156 million so‘m bo‘lgani ta'kidlab o‘tildi. Alimentlarni undirish borasida qilinayotgan ishlar, chunonchi MIB ajrashgan oilalarning yarashuvida ham muhim rol o‘ynayotgani qayd etildi.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz muxbiri

Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top