16:12 / 10.10.2019
5
74307

Nodir To‘raqulovning qudasiga qarashli bo‘lgan «metan zapravka» MIB tomonidan sotildi

Majburiy ijro byurosining Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tuman bo‘limi tomonidan «Jarqo‘rg‘on-Servis-Texnika» MChJga tegishli bo‘lgan «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish hamda ko‘p tarmoqli yoqilg‘i quyish shoxobchasi» onlayn auksion orqali sotildi.

Byuro matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga xabar berishicha, bu shoxobcha avval Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq tergovchisi Nodir To‘raqulovning qudasi Erkin Norqobilovga tegishli bo‘lgan. Bu mulk avvaliga 14 milliard so‘mga baholangandi, ammo bu narxga xaridor chiqmagach shoxobcha 3 oktabr kuni 7,4 milliard so‘mga sotilgan.

Nodir To‘raqulov

«Surxondaryoda faoliyat yuritgan Milliy xavfsizlik xizmati sobiq xodimi Nodir To‘raqulov va uning jinoiy sheriklari O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining hukmi bilan qamoqqa olingandi. Ayni paytda ular tomonidan jinoiy yo‘llar bilan orttirilgan mol-mulklarni aniqlash va davlat tasarrufiga o‘tkazish davom etmoqda.

Hayotda birovning haqiga tajovuz qiladigan, o‘zgalar molini o‘zlashtirib oladigan kimsalar, garchi ko‘zga uddaburon kishilar bo‘lib ko‘rinsa-da, eng olchoq odamlardir.

Demak, o‘zganing yoki davlatning mol-mulkini talon-toroj qilish, uni o‘zlashtirib egalik qilish eng og‘ir jinoyatlardan biri.

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining 2018 yil 25 dekabrdagi ijro varaqasiga asosan «Jarqo‘rg‘on-Servis-Texnika» MChJ balansidagi Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanida joylashgan «Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish hamda ko‘p tarmoqli yoqilg‘i quyish shoxobchasi» binolari jinoiy yo‘l bilan topilgan mulk sifatida davlat egaligiga o‘tkazish belgilangan edi. Ta'kidlash joiz, bu shoxobcha Milliy xavfsizlik xizmati sobiq xodimi Nodir To‘raqulovning qudasi E.N.ga tegishli bo‘lib, hech shubha yo‘qki qo‘li uzun quda qanoti ostida faoliyat yuritgan.

Mazkur ijro ishi MIB Sho‘rchi tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan hamda ijro harakatlariga kirishilgan. Shuningdek, ushbu bino va inshootlar 14 mlrd. so‘mdan ortiq narxga baholanib, tomonidan elektron onlayn-auksion savdosiga chiqarildi. Shunga asosan, 3 oktabr kuni arzonlashtirilgan narxda, ya'ni 7 mlrd. 41 million so‘mga sotilib, auksion savdolaridan tushgan pul mablag‘lari davlat daromadiga yo‘naltirildi», deyiladi MIB ma'lumotida.

Eslatib o‘tamiz, Nodir To‘raqulov 2018 yilning 22 yanvarida, prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida faollar bilan uchrashuv vaqtida MXXning viloyat boshqarmalaridagi xodimlarini keskin tanqid qilganidan keyin qamoqqa olingandi.

2018 yilning 25 oktyabrida Nodir To‘raqulov 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 81 mln so‘m miqdorida (9,7 ming dollardan ortiq) jarimaga tortilgandi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, u Jinoyat kodeksining 10dan ortiq moddasi bo‘yicha ayblangan, jumladan, vakolatini suiiste'mol qilish, poraxo‘rlik, firibgarlik va tamagirlik. 42 yoshli sobiq zobit bilan birga yana 12 nafar shaxs sudga tortilgan.

Keyinroq Bosh prokuratura Nodir To‘raqulovga nisbatan boshqa jinoiy ishlar doirasida ham tergov davom etayotgani ma'lum qilindi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, 5 sentabr kuni Harbiy sud Nodir To‘raqulov ishi bo‘yicha ishni kassatsiya tartibida ko‘rib chiqishni boshlagan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top