23:43 / 12.10.2019
0
14575

Suriyalik kurdlar Misrdan ko‘mak so‘rashdi

«Suriya demokratik kengashi» («Suriya demokratik kuchlari» (SDF)ning siyosiy qanoti) Turkiya Suriyada kurd otryadlariga qarshi harbiy amaliyot o‘tkazayotgani ortida Misrdan ko‘mak so‘radi. Bu haqda tashkilot raislaridan biri Riyoz Darar ma'lum qildi.

Darar 12 oktyabrda Misr tashqi ishlar vaziri Somih Shukriy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv Qohirada Arab davlatlari ligasining Turkiyaning Suriyadagi amaliyotiga bag‘ishlangan favqulodda sammitidan bir necha soat oldin bo‘lib o‘tgan. 

Dararning ta'kidlashicha, u Qohiraga Misr tomoni taklifi bilan kelgan. “Biz bu tajovuzga qarshi bardosh berishda ko‘mak beradigan har qanday – siyosiy, axboriy yordamni so‘radik”, deb aytgan kurd siyosatchisi.

Uning aytishicha, u Misr tashqi ishlar vaziri bilan suhbatda “Suriya demokratik kengashi” ushbu tajovuzni to‘xtatish uchun har qanday yechimga ochiqligini bildirgan. “Biz qarshilik ko‘rsatishga ahd qildik va o‘zimizni, yerimiz va oilalarimizni himoyalashda davom etamiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Darar.  

Turkiya 9 oktyabrda Suriya shimolida kurd otryadlari va IShID jangarilariga qarshi “Tinchlik manbai” deb nomlangan harbiy amaliyotni boshladi. 

Turkiya bahordan rejalashtirib kelgan ushbu amaliyotidan maqsad Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh hududlarini suriyalik kurdlar otryadlaridan tozalash, u yerda xavfsizlik hududini tashkil qilib, unda suriyalik qochqinlarni joylashtirish hisoblanadi. 

Anqara avvalroq mamlakatda 4 mln qochqin borligini va ularni cheksiz muddat saqlab turolmasligini aytgan.

Mavzu
Turkiya va kurdlar
Turkiya 9 oktabr kuni Suriya shimolidagi kurdlarga qarshi quruqlikdagi harbiy kampaniya boshladi. «Tinchlik bulog‘i» nomli amaliyotdan maqsad - Turkiya chegaralari yaqinida terrorchilar uchun yo‘lak qoldirmaslik hisoblanadi
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top