18:37 / 15.10.2019
6
60213

JCh-2022 saralashi. O‘zbekiston Singapurda g‘alabaga erishdi va guruhda peshqadam bo‘lib oldi

Foto: Tribuna.uz

JCh—2022 saralashining ikkinchi bosqichi 4-turi doirasida Singapur hamda O‘zbekiston milliy jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakunlandi. Unda Vadim Abramov murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi 3:1 hisobida g‘alabaga erishdi.

O‘yindagi ilk xavfli vaziyat 8-daqiqada kuzatildi. Eldor Shomurodov o‘ng qanotdan jarima maydonchasiga kirib bordi va to‘pni o‘zidan ham qulayroq vaziyatda turgan Jaloliddin Masharipovga uzatdi. Masharipov esa darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borib imkoniyatdan foydalana olmadi.

10-daqiqada Singapur juda xavfli vaziyat sodir etdi. Singapurlik futbolchining zarbasini Eldor Suyunov katta qiyinchilik bilan maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.

15-daqiqada o‘yinda hisob ochildi. Sanjar Qodirqulovga qarshi qo‘pollik uchun belgilangan jarima zarbasini jamoa sardori Odil Ahmedov golga aylantirdi. 35-daqiqada O‘zbekiston milliy jamoasi yana bitta gol urishi mumkin edi. Odil Ahmedovning qanotdan uzatgan to‘pini Eldor Shomurodov bosh bilan darvozaga yo‘lladi, ammo hujumchiga biroz aniqlik yetishmadi. 39-daqiqada xuddi shunga o‘xshash vaziyat Doston Hamdamovda bo‘ldi. Doston Hojiakbar Alijonov uzatgan to‘pni bosh bilan darvozaga yo‘llay olmadi.

1-bo‘lim yakunida O‘zbekiston gol o‘tkazib yubordi. Norvegiya quyi divizionida harakat qiluvchi Ihsan Fandi hisobni tenglashtirdi. Hujumchi havodan uzatilgan to‘pni bosh bilan darvozaga yo‘lladi.

Ikkinchi bo‘limni O‘zbekiston juda faol boshladi. 52-daqiqaga keliboq Abramov shogirdlari hisobda oldinga chiqib olishdi. Eldor Shomurodov Farrux Sayfiyevning uzatmasini bosh bilan darvozaga yo‘lladi. Goldan ko‘p o‘tmay Eldor dubl qayd etishi mumkin edi, ammo himoyachini aldab o‘tgan Eldor bo‘sh darvozani ishg‘ol qila olmadi.

67-daqiqada himoyachidan katta tezlikda o‘tib ketgan Eldor Shomurodov qanotdan darvoza tomon yaqinlashdi va kuchli zarba bilan yaqin burchakni nishonga oldi, ammo Eldorning zarbasi to‘singa tegib qaytdi.

90+2-daqiqada esa Eldor Shomurodov o‘yinga nuqta qo‘ydi. Ikrom Aliboyev bir pas bilan Eldorni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqardi va terma jamoaning asosiy hujumchisi bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. 

Ketma-ket ikkinchi g‘alabadan so‘ng O‘zbekistonning ochkolari soni 6taga yetdi va Vadim Abramov jamoasi vaqtincha guruh yetakchisiga aylanib oldi. Falastin hamda Saudiya milliy jamoalari o‘rtasidagi o‘yin davom etmoqda.

JCh-2022 saralashi. Osiyo mintaqasi
«D» guruhi, 4-tur
15 oktabr, seshanba
Singapur, «Milliy» stadioni.

SINGAPUR — O‘ZBeKISTON 1:3
Gollar:
Ihsan Fandi (45+1) — Odil Ahmedov (15), Eldor Shomurodov (52, 90+2).
Singapur: Isvan Mahbub, Hafiz Nor, Shahdan Sulayman, Shaval Anuar, Safavan Baxarudin, Irfan Fandi, Ihsan Fandi (Gabriel Kvak, 69), Xaris Xarun, Nazrul Nazari, Zulfaxmi Arifin, Xami Shaxin.
O‘zbekiston: Eldor Suyunov, Hojiakbar Alijonov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Rustam Ashurmatov, Farrux Sayfiyev, Sanjar Qodirqulov, Odil Ahmedov, Otabek Shukurov (Ikrom Aliboyev, 52), Doston Hamdamov (Igor Sergeyev, 90+3), Jaloliddin Masharipov (Sardor Mirzayev, 70), Eldor Shomurodov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top