13:43 / 15.10.2019
0
9409

Markaziy saylov komissiyasi barcha siyosiy partiyalarga saylovlarda qatnashishga ijozat berdi

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

2019 yil 15 oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi videoselektor tarzida bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi a'zolari, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, OAV xodimlari ishtirok etgan yig‘ilish kun tartibiga “Siyosiy partiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida qatnashishiga ijozat berish to‘g‘risida”, “Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar smetasi to‘g‘risida”, “Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritish haqida”, “Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Rajabovning vakolatini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida”gi to‘rtta masala kiritilgan.

2019 yil 10 oktyabrdan boshlab mamlakat siyosiy maydonida faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya vakolatli vakillari tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga Saylovchilar tomonidan siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini qo‘llab quvvatlovchi imzolari qo‘yilgan imzo varaqalari taqdim etildi.

11-14 oktabr kunlari imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuzilgan tarkibiga MSKning doimiy asosda ishlovchi a'zolari ichki ishlar va adliya organlarining xatshunos ekspertlari, mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etilgan Ekspert guruhi tekshirib chiqib, ijobiy xulosa berdi. Ushbu jarayonda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ham qatnashdilar.

Yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Ekspert guruhining ijobiy xulosalariga muvofiq “Siyosiy partiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida qatnashishiga ijozat berish to‘g‘risida” qaror qabul qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top