09:44 / 16.10.2019
0
8264

Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligiga direktor tayinlandi 

Foto: Ilya Pitalev

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligiga direktor tayinlandi. Bu haqda vazirlik xabarida aytiladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 870-sonli qaroriga muvofiq Kamoliddin Faxrutdinovich Tolipov Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi direktori lavozimini egalladi.

Ma'lumot uchun, Kamoliddin Tolipov bundan oldin “Silk Capital” investitsiya kompaniyasi rahbari sifatida ishlagan. 

Eslatib o‘tamiz, quyidagilar Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligining asosiy vazifalari etib belgilangan:

sug‘urta bozorining ishlashi va uning professional ishtirokchilari faoliyati ochiqligi va shaffofligini, shu jumladan, sug‘urta faoliyati sohasidagi statistik va moliyaviy ko‘rsatkichlarni muntazam e'lon qilish yo‘li bilan ta'minlash;

sug‘urta xizmatlari iste'molchilari va sug‘urta munosabatlarining boshqa ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash, aholining sug‘urta bozoriga ishonchini oshirishga va jamiyatda sug‘urta madaniyatini rivojlantirishga ko‘maklashish;

sug‘urta bozori mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan, chet elda, shuningdek, xalqaro darajadagi ekspertlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda tashkil etishga ko‘maklashish;

sug‘urtalovchilarning to‘lov qobiliyati, sug‘urta zaxiralarini shakllantirish va ulardan foydalanish bo‘yicha majburiy normativ va talablarni belgilash, shuningdek, samarali sug‘urta faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan sug‘urta faoliyati sohasidagi qonun hujjatlariga, shuningdek, ularning moliyaviy barqarorligini ta'minlash bo‘yicha belgilangan normativ va talablarga rioya etilishini nazorat qilish;

sug‘urtalovchilar (qayta sug‘urtalovchilar) va sug‘urta brokerlarining sug‘urta faoliyatini litsenziyalash, aktuariylar faoliyatini sertifikatlash;

sug‘urta bozorining holati va uning professional ishtirokchilari faoliyatining hisobi va hisobotini yuritish, masofaviy nazorat qilish va tezkor onlayn-monitoringini olib borish bo‘yicha integratsiyalashtirilgan axborot tizimini shakllantirish va yuritish;

aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini ta'minlashga qaratilgan sug‘urta xizmatlarining talab yuqori bo‘lgan an'anaviy turlarini rivojlantirishga va yangi turlarini joriy qilishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi faoliyati sohasida sug‘urta himoyasini kuchaytirish;

xorijiy davlatlarning o‘xshash tuzilmalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan sug‘urta faoliyati sohasida hamkorlikni tashkil etish.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top