14:57 / 17.10.2019
5
31839

«Talabalar o‘qituvchilarni tanlaydi» - Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi yangi tizim haqida ma'lumot berdi

Kredit-modul tizimiga ko‘ra, kerakli ballni yig‘a olmagan talabalar OTMlarda uzoq yillar davomida o‘qishiga to‘g‘ri keladi. Tinglovchi o‘rnatilgan kredit ballarni to‘plagan taqdiridagina diplom olishga muvaffaq bo‘ladi.

Bugun, 17 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta'minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ma'lumot berilishicha, konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlarida 9ta yo‘nalish belgilangan bo‘lib, asosiy e'tibor oliy ta'lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan.

2019 yilda oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasi jami bitiruvchilar soniga nisbatan 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2030 yilga borib 50 foizdan oshishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, ayni paytda kredit-modul tizimi joriy etiladigan OTMlar soni 2tadan 85taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Nodavlat, davlat-xususiy sheriklik asosidagi OTMlar soni esa 35taga yetkaziladi.

Vazirlik bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqovning ma'lumot berishcha, kredit-modul tizimi ta'limning yakunida talabalarning xorijiy OTMlarda o‘qib kelishida muammo bo‘lmasligi va ta'lim sifatini yaxshilash uchun zarur.

«Bundan tashqari, nazariyani amaliy ko‘nikmalarga almashtirish bo‘yicha ham farmonda alohida ta'kidlangan. Bugungi kunda xorijiy OTMlarda 55-70 foizgacha mustaqil ta'lim belgilangan. Hozir bizda ta'limning 40 foizi mustaqil ta'lim uchun ajratilgan bo‘lsa, konsepsiyaga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2030 yilgacha 60 foizgacha yetkaziladi», deya Abduvali Xoliqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, kredit-modul tizimiga o‘tish – davr talabi. Bu tizimda o‘qituvchilarni talabalar tanlaydi. Tanlov fanlari soni ko‘paytiriladi, ya'ni talaba o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tanlab o‘rganishi mumkin bo‘lgan fanlar soni ko‘p bo‘ladi.

Lekin kredit-modul tizimida kerakli ballni yig‘a olmagan ayrim talabalar OTMlarda uzoq yillar davomida o‘qishiga to‘g‘ri keladi. Shuni hisobga olgan holda hozirgi kunda talabalarni o‘qishga tiklash masalasi ham OTMlar zimmasiga yuklatilgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top