08:26 / 17.10.2019
0
31765

Trampning kongress a'zolari bilan uchrashuvi dahanaki jangga aylanib ketdi

Foto: Evan Vucci / AP

AQSh prezidenti Donald Trampning Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyoti bo‘yicha kongress yetakchilari bilan  uchrashuvi ikki tomonning dahanaki jangiga aylanib ketib, oqibatda barbod bo‘ldi.   

Bloomberg axborot agentligiga demokratlarning senatdagi yetakchisi Chak Shumerning ma'lum qilishicha, Tramp Oq uyning Yaqin Sharqdagi siyosatini hattoki respublikachilar ham qo‘llab-quvvatlamayotganidan darg‘azab bo‘lib, vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosini ochiqchasiga haqorat qilishga o‘tgan va uni “uchinchi navli siyosatchi” deb atagan.

Axborot agentligi manbalaridan birining ma'lum qilishicha, tortishuvning eng avj nuqtasi uchrashuv ishtirokchilaridan biri Trampga sobiq mudofaa vaziri Jim Mettisning AQSh bosimi zaiflashsa, IShID yana tiklanishi haqidagi so‘zlarini eslatgani bo‘lgan. AQSh prezidenti bunga javoban “Mettis dunyodagi eng yuqori baholab yuborilgan general ekanini”, IShIDning yakson qilinishidagi asosiy hissa esa uning o‘ziga tegishli ekanini aytgan. 

O‘zaro haqoratlardan keyin Pelosi va Shumer uchrashuvni tark etishgan va go‘yoki ushbu vaziyatdan ichki siyosiy kurashda foydalanmoqchi bo‘lishgani uchun respublikachilar tanqidiga uchrashgan. Respublikachilarning vakillar palatasidagi yetakchisi Kevin Makkarti Pelosi uchrashuvni barbod qilish uchun ataylab mojaro keltirib chiqarganini aytgan. Uning ta'kidlashicha, “ikki tomon ham qiziqqonlik qilgan”, biroq spiker o‘zini axloqsiz tutgan. 

Oq uy matbuot kotibi Stefani Grishemning ta'kidlashicha, Tramp uchrashuvda o‘zini bosiq tutgan, “ish bo‘yicha” gapirgan, biroq Pelosi hech kimni eshitishni istamagan.

Avvalroq kongressda Tramp Suriya shimolidan qo‘shinlarni olib chiqishga va shu tariqa kurdlarni qo‘llab-quvvatlamaslikka qaror qilgani uchun tanqidga uchragandi.

O‘z navbatida AQSh ma'muriyatida turklar va kurdlar o‘rtasidagi ixtilofga aralashishni istamayotganlari aytilgan. Tramp amerikalik harbiylar Suriyada tashlab ketgan bazalarni endi prezident Bashar Asad qo‘shinlari va rossiyalik harbiylar egallashi haqidagi gaplarga “Rossiya qum bilan o‘ynashiga qarshimasman” deb javob qilgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top