14:17 / 23.10.2019
0
7030

Namangan xalqaro aeroportiga «ochiq osmon» maqomi berilishi mumkin

Foto: uzairways.com

2019 yil 22 oktabr kuni Namangan viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Tashqi ishlar vazirligining Namangan viloyatini rivojlantirishga oid axboroti eshitildi. Tadbirda Oliy Majlisi Senati a'zolari, viloyat hokimligi mutasaddilari, vazirlik va idoralar mas'ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta'kidlanganidek, viloyatning infratuzilmasini modernizatsiya qilish chora-tadbirlar doirasida O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Namangan viloyatida suv ta'minotini rivojlantirish uchun OPeK jamg‘armasining 54 mln. dollar miqdordagi imtiyozli krediti jalb qilindi. Suv ta'minotini yaxshilash bo‘yicha besh yillik (2020-2025 yillar) ushbu loyiha Zarkent, Xodikent, Isqovot, Buloqboshi, Yoshlik shaharchalari va Namangan shahrini qamrab oladi.

Majlisda investitsiya, eksport va turizm sohalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samarasini oshirish, Namangan viloyatining tajribasini namunaviy darajaga olib chiqish masalalariga e'tibor qaratildi.

Viloyatning investitsion imkoniyatlarini, eksport va turizm salohiyatini xorijiy ishbilarmon doiralari orasida keng targ‘ib qilish, hokimiyat va elchixonalar o‘rtasida chet el kompaniyalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yaxshilash maqsadida Namangan viloyatining “yagona darcha” sifatida axborot portalini yaratish, hududning qishloq xo‘jaligi salohiyatini hisobga olgan holda, eksportga yo‘naltirilgan zamonaviy agrologistika markazlarini ko‘paytirish,  Namangan xalqaro aeroportiga “ochiq osmon” maqomini berish kabi takliflar berildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top