14:51 / 24.10.2019
0
29791

«Buxanka» non qator talablarga muvofiq bo‘lishi zarurligi eslatildi

Foto: popmech.ru

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qolipli non mahsuloti bo‘yicha iste'molchilar uchun ma'lumot tayyorladi. 

Qo‘mita xabariga ko‘ra, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga qolipli non mahsulotining standarti, ushbu mahsulotni xarid qilishda nimalarga alohida e'tibor qaratish lozimligi yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shunga muvofiq, Qo‘mita “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda iste'molchilar uchun kichik ma'lumot taqdim etdi.

Bildirilishicha, qolipli non mahsuloti tashqi ko‘rinishi bo‘yicha quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi zarur:

shakli – qolipli nonga muvofiq shaklga ega bo‘lishi, ortiqcha qism bo‘rtib chiqmagan bo‘lishi lozim;

tashqi ko‘rinishi – sezilarli yoriqlar, ortiqcha shakllar bo‘lmasligi lozim;

rangi – och-sariq rangdan to‘q-jigarranggacha bo‘lishi lozim, boshqa ranglar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

ichki qism ko‘rinishi – yaxshi pishgan bo‘lishi va elastik bo‘lishi, barmoq bilan yengil bosilganda o‘z shakliga qaytishi lozim.

ta'mi va hidi – non mahsulotining odatiy ta'mi va hidi bo‘lishi va ortiqcha ta'm va hidlar bo‘lmasligi lozim.

Shuningdek, non mahsulotlarining saqlash sharoitlariga ham e'tibor berish zarur. Bunda, saqlash joyida non mahsulotlariga boshqa mahsulotlar aralashmasligi, saqlash joyi toza bo‘lishiga e'tibor berishi kerak.

Qayd etilishicha, qolipli non mahsuloti 0,5 kg dan 1,1 kg gacha massada ishlab chiqarilishi mumkin. Bugungi kun amaliyotida qolipli non asosan 0,5-0,6 kg.da ishlab chiqarilmoqda (mahsulotning og‘irligi farqi kamayish tarafiga bir mahsulotning belgilangan og‘irligiga nisbatan 3 foizdan oshmasligi kerak).

Bundan tashqari, iste'molchilar qolipli non xarid qilishda sotilayotgan qolipli nonni texnik reglament talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish huquqiga egaligi eslatilgan.

Ta'kidlanishicha, non va makaron mahsulotlarining har bir partiyasi sotilayotganda texnik reglament talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan jo‘natilishi shart.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top