16:22 / 25.10.2019
5
91988

IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nimalarni bilish zarur?

Foto: Pixabay

Joriy yilning 17 sentabr kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kirilayotgan hamda ishlab chiqarilayotgan mobil uskunalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.

IMEI orqali uskunalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi aprel oyidan ishga tushirildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fikr va izohlarga qaraganda, O‘zbekiston aholisining ko‘pchiligi uchun IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi noaniqligicha qolmoqda, deb yozmoqda Toshkent shahar hokimligi.

Jismoniy shaxslar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish avtomatik ravishda amalga oshiriladi

Hozirda barcha mobil uskunalar mobil aloqa operatorlarining tarmoqlariga ulanish orqali bepul, avtomatik ravishda ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq 1 dekabrdan kuchga kiradigan yangiliklar faqat importyorlar va ishlab chiqaruvchilarga tegishli. Jismoniy shaxslar uchun hech narsa o‘zgarmaydi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston fuqarolari foydalanayotgan va roumingdagi uskunalar avtomatik ravishda ro‘yxatga olingan hamda qayta ro‘yxatga olinishi shart emas. 1 dekabrdan boshlab O‘zbekistonga yangi telefonlarni olib kirayotgan tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tkazish uchun mustaqil ravishda to‘lov kiritadilar. Avval foydalanilgan yoki yangi telefon sotib olayotgan jismoniy shaxslar xarid oldidan faqat IMEI kodining ro‘yxatga olinganligini aniqlashlari va uning maqomini www.uzimei.uz sayti orqali tekshirib olishlari kerak bo‘ladi. Ta'kidlash lozimki, IMEI kodining ro‘yxatga olinishi uning egasining ismiga bog‘liq bo‘lmasligi sababli, telefon sotilishida hech qanday muammo tug‘ilmaydi. Ya'ni ushbu yangilik foydalanilgan uskunalarning oldi-sotdisiga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi. Biroq, yangi telefon xarid qilinishidagi kabi, foydalanilgan telefon xaridida ham xaridorlar IMEI kodining ro‘yxatga olinganligini aniqlashlari va uning maqomini tekshirib olishlari lozim. Agar telefon ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa, 30 kun ichida o‘chiriladi. Kunlar hisobi telefonning ilk bora tarmoqqa ulangan vaqtdan boshlanadi. Bunday holda jismoniy shaxs telefonni mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi. Ta'kidlash lozimki, aloqa operatorini o‘zgartirishda ham hech qanday qo‘shimcha harakatlar talab etilmaydi.

Ushbu yangilikning mohiyati

Qarorda keltirilishicha, ushbu o‘zgarishning sababi mobil uskunalar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish, uskunalardan noqonuniy foydalanishning va sifatsiz uskunalar sotilishining oldini olishdan iborat.

Qarorga muvofiq, tizim operatori mobil aloqa operatoridan zarur texnik axborotlarni, shu jumladan, uskuna ishlashi, tarmoqdagi faolligi, real vaqt rejimida amalga oshirilgan operatsiyalar haqidagi axborotlarni olish uchun so‘rov berishi mumkin.

Hujjatda keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra: “Davlatning, huquqni muhofaza qilish organlarining xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini ta'minlash hamda o‘ta muhim ijtimoiy-siyosiy chora-tadbirlarni o‘tkazishda Tizim operatori huquqni muhofaza qilish organlarining so‘rovi bo‘yicha mobil qurilmalar ishini majburiy to‘xtatib turish va qayta tiklashni amalga oshiradi”.

Chet eldan buyurtma qilingan telefonni qanday ro‘yxatdan o‘tkazish lozim?

Agar jismoniy shaxs telefonni xorijiy davlatdan buyurtma qilib keltirsa, telefon egasi mustaqil ravishda uni ro‘yxatdan o‘tkazadi va to‘lov kiritadi. Buning uchun aloqa pochta bo‘limi yoki Uzimei ofisiga shaxsan borishi talab etiladi. O‘zi bilan telefon, pasport va pochta identifikatorining shtrix kodi va kalendar shtempeli bo‘lgan konvert taqdim etilgan holda amalga oshiriladi. Anketani ko‘rib chiqish va ro‘yxatdan o‘tkazish uch ish soatida amalga oshiriladi, qo‘shimcha 1 soat to‘lov uchun hisob chiqish, yana bir soat IMEI kodning “oq” ro‘yxatga kiritilishi va ro‘yxatga olish yakuniga yetganligi haqida xabarnoma uchun kerak bo‘ladi.

Chet el fuqarolari uchun tartib qanday?

Chet el fuqarosining mahalliy mobil aloqa operatorining SIM-kartasi o‘rnatilgan mobil qurilmasi dastlabki muvaffaqiyatli tarmoq hodisasidan 30 kalendar kuni davomida ro‘yxatga olinmasdan foydalanishi mumkin va ko‘rsatilgan muddat tugaganidan keyin ro‘yxatga olinmaganda sayyoh mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish cheklanishi to‘g‘risida xabardor qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi hududida 30 kalendar kundan ortiq bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — jismoniy shaxslar uchun mobil qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatga olish tartibiga muvofiq tizim operatori yoki ro‘yxatga oluvchisiga o‘zi kelib murojaat etish orqali ro‘yxatdan o‘tkazishlari zarur. Bunda chet el fuqarolari uchun to‘lov hozirda 202730.0 so‘m bo‘lgan BHM ning 20 foizini tashkil qiladi. Chet el fuqarosi uchun pasport va mobil qurilma yetarli, shtrix-kodli konvert zarur emas.

Importyor va ishlab chiqaruvchilar uchun ma'lumot:

1 noyabrdan boshlab ishlab chiqaruvchilar va importyorlar operator yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga murojaat qilishlari mumkin. 1 dekabrdan esa ushbu xizmat pullik bo‘ladi.

Importyor yoki ishlab chiqaruvchi qurilma IMEI-kodini qanday qilib ro‘yxatdan o‘tkazadi?

Importyor va ishlab chiqaruvchilar uchun ro‘yxatga olish jarayoni avtomatik bo‘lmaydi. Ular tizim operatoriga shaxsan kelishlari yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatdan o‘tkazishlari lozim. Batafsil ma'lumotni 1170 telefoni orqali olish mumkin.

Ro‘yxatga olish xarajati qanday?

1 dekabrdan IMEI kodlarini ro‘yxatga olish pullik bo‘ladi. Importyor har bir qurilma uchun 25 ming so‘m, mahalliy ishlab chiqaruvchi 20 ming so‘m to‘laydi. Mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi jismoniy shaxs ham 20 ming so‘m to‘laydi, biroq hujjatlar to‘liq taqdim etilmasa, bojxona qiymatidan 100 foiz to‘lov kiritishi shart bo‘ladi. Importyor va ishlab chiqaruvchilar faqatgina hujjatlarni to‘liq taqdim etsa, qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkaza oladi.

Chet elliklar uchun ilk bora tarmoqqa ulangandan keyin 30 kun ichida ro‘yxatga olish bepul.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top