Dekabr oyida Uzauto Motors kompaniyasi ikkita yangi modelini taqdim etadi. 2020 yildan har oy bittadan yangi avtomobilni ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
2020 yildan e'tiboran, «O‘zavtosanoat» tizimiga kiruvchi Uzauto Motors kompaniyasi avtomobillar ishlab chiqarish sohasida keskin ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya rahbariyatidagi Kun.uz manbasining so‘zlariga ko‘ra, kelasi yildan boshlab, har oy yangi turdagi avtomobil ishlab chiqishni o‘zlashtirish va xaridorlarga yetkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, dekabr oyida Uzauto Motors tomonidan ishlab chiqariluvchi ikkita model taqdimoti o‘tkaziladi. Bu haqda «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov UzAuto Motors Service & Trade-In Center ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan ochilish marosimida Kun.uz muxbiriga ma'lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors kompaniyasi direktori Rustam Rajabov zavod tomonidan Chevrolet Trailblazer, Chevrolet Equinox va Chevrolet Traverse modellarini ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma'lum qilgan edi.
Avvalroq, «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov yaqin kelajakda UzAuto Motors zavodida bir platforma negizida 3ta yangi model ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilishi haqida prezident Sh.Mirziyoyevga ma'lum qilgandi.