09:00 / 31.10.2019
0
42941

IIBB Chilonzordagi kafeda sodir bo‘lgan mushtlashuv va 30 yoshli yigitning o‘limi bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi

Foto: KUN.UZ

2019 yil 28 oktabr kuni taxminan soat 21:00larda fuqarolar - 24 yoshli B.Z. va 30 yoshli M.A. Toshkent shahar, Chilonzor tumanida joylashgan “Ugolok” kafesida kechki taom bilan spirtli ichimlik iste'mol qilishgan.

Toshkent shahar IIBBning yozishicha, shu vaqt mobaynida B.Z. mastlik bilan bog‘liq xatti-harakatlari bilan 21 yoshli A.A. va 22 yoshli D.M. ismli kafe qo‘riqchilarining e'tiroz bildirishiga sababchi bo‘lgan va o‘rtada nizo kelib chiqqan.

Shundan so‘ng, ular kelishib olish uchun, ya'ni “tortishuvni davom ettirish” maqsadida kafedan tashqariga chiqib, mushtlashganlar. Mushtlashuv oqibatida B.Z. yengil tan jarohatlari olib, tanishi M.A. bilan taksiga chiqqan, biroq hech qancha yurmasdan, o‘rtog‘ining mazasi bo‘lmayotganligi uchun avtomobildan tushgan.

Chilonzor tumaniga qarashli “tez yordam” xodimlari M.A.ni tasodifan ko‘rib qolib, kasalxonaga olib ketayotgan vaqtda u vafot etgan.

M.A.ning o‘limi bo‘yicha olingan dastlabki sud tibbiy tashxisiga ko‘ra, o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi va spirtli ichimlikdan zaharlanish holatlari aniqlangan va hech qanday tan jarohati alomatlari yo‘qligi to‘g‘risida ma'lumot berilgan. 

Hozirda ushbu holat Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Shu bilan birga, yuqorida sodir etilgan “bezorilik” harakatlari yuzasidan, Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan A.A. va D.M.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining   277-moddasi (Bezorilik ) 2-qismi “b” bandi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.

“Hurmatli fuqarolar! Shuni alohida ta'kidlab o‘tmoqchimizki, ushbu o‘lim bilan bog‘liq norasmiy xabarlarga asoslanib, xulosa chiqarishga shoshilmang. “Ugolok” tungi klub emas, balki kafe sifatida faoliyat olib borishiga alohida e'tibor qaratishingizni so‘raymiz. “Bezorilik” jinoyati va M.ning o‘limi o‘rtasidagi bog‘liqlikka esa tergov jarayonida aniqlik kiritiladi va natijasi bo‘yicha batafsil axborot beriladi”, - deyiladi ma'lumotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top