11:00 / 01.11.2019
0
7569

Bojxonachilar «mato» operatsiyasini fosh etishdi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida tovarlarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklatura kodlarini noto‘g‘ri qo‘llashga oid holatlarga qarshi bojxonachilar samarali kurash olib borishmoqda.

Jumladan, Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunbuzilishi holatlariga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan navbatdagi qing‘irlik fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda

Ya'ni, poytaxtda faoliyat olib borayotgan mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga xorijdan keltirilgan, bo‘yalgan matolar tovari deklaratsiyada ko‘rsatilgan omborga emas, boshqa omborda saqlanayotgani bojxonachilar e'tiborini tortdi va belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida, konteynerlardagi tovarlardan namunalar olinib, Bojxona ekspertizasi va TIF TNni yuritish boshqarmasiga holatga oydinlik kiritish uchun jo‘natildi.

Ekspertiza xulosalariga binoan, konteynerlarda hujjatlarda ko‘rsatilganidek bo‘yalgan matolar tovari emas, balki, sinel matolar saqlanayotgani ma'lum bo‘ldi.

Hozirda umumiy qiymati 6,1 milliard so‘mlik tovarlar vaqtincha saqlovga olinib, holat yuzasidan bojxonachilar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top