12:49 / 01.11.2019
5
50781

IIV bodi-kameralar bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi

Foto: IIV axborot xizmati

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida «Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi, polkovnik Shohrux G‘iyosov, vazirlik Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rahbariyati va boshqa mas'ul xodimlari, shuningdek, respublika va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdilar.

Foto: IIV axborot xizmati

Tadbirda mas'ul shaxslarga poytaxtda YHXB inspektorlariga 32ta bodi-kamera tarqatilgani haqida xabarlar tarqalgani va ushbu jarayon hozir qanday bosqichda ekani haqida savol berildi.

IIV javobida aytilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan bodi-kameralar sinovdan o‘tkazilgan.

«Sinovdan o‘tkazish chog‘ida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va fikrlar ijro etuvchi komissiyaga taqdim etildi», - deyiladi IIV mas'ul shaxslarining javobida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1 iyuldan YPX xodimida videokamera bo‘lishi majburiy qilingandi. Lekin bu tartib o‘z muddatida kuchga kirmadi - IIV YHXBB joriy yilning yozida «Kameralar butunlay bekor qilingani yo‘qligi, faqat muddatlarini uzaytirish rejalashtirilayotgani» to‘g‘risida bayonot berdi.

O‘z navbatida, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 iyulda qabul qilingan «Ichki ishlar organlari xodimlarini mobil videokuzatuv vositalari bilan ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 556-son qarori bilan ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar hamda planshetlar bilan ta'minlash 2020 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.

Joriy yilning 22 iyulidan esa Toshkent shahrida bodi-kameralarni sinov-tajriba tariqasida ishlatib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlari boshlandi.

«YPX inspektorlari haydovchi bilan muloqotga kirishganda, ularning suhbatlari bodi-kameraga yozilayotgani haqida ogohlantiradilar. Sinov-tajriba natijalari komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, ishlab chiqaruvchi tashkilotga tegishli taklif va tavsiyalar taqdim etiladi», - deyilgandi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top