13:44 / 02.11.2019
0
9247

Konteyner sotish bahonasida firibgarlik qilgan shaxs aniqlandi

Illyustrativ foto

Biznes boshlayman, tadbirkorlik qilaman deguvchilar uchun asosiy muammolardan biri yer maydoni va xomashyo mahsulotini saqlash uchun omborxona zarurligi sir emas, deb yozadi «Postda» nashri. 

Bunday inshootlarni qurish uchun anchagina vaqt va mablag‘ talab etilishi barchaga ma'lum. Shuning uchun ba'zi fuqarolar ishlarini yengillashtirish maqsadida shunday vazifani bajarishi mumkin bo‘lgan tayyor bino yoki inshoot yoxud konteyner sotib olish orqali muammolariga yechim topadi.

Fuqarolarning bunday muammolarini yaxshigina o‘rgangan Buxoro shahrida yashovchi O.H. joriy yilning avgust oyida kogonlik S. R.ning ishonchiga kirib, unga Romitan tumanida yashovchi «N.» ismli tanishiga tegishli bo‘lgan 6 metrli 2 ta ko‘chma konteynerni 1100 AQSh dollariga olib berishni va'da qiladi. Buning uchun undan bo‘nak sifatida 250 AQSh dollarini oladi. Qolgan 850 AQSh dollarini konteynerlarni aytgan manziliga yetkazib berganidan so‘ng olishga kelishadi.

Oradan ancha vaqt o‘tsa-da, konteynerlardan darak bo‘lavermagach, S.R. aldanganini tushunib yetadi. Fuqaroning ichki ishlar organiga qilgan murojaatidan so‘ng holat o‘rganildi. O. H. pullarni shaxsiy manfaati yo‘lida ishlatib yuborgani oydinlashdi. Ayni paytda u yana bir nechta fuqaroni ham shu taxlitda chuv tushirgani taxmin qilinmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top