12:00 / 02.11.2019
0
4802

O‘zbekiston xalqaro robototexnika musobaqasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi

InnoWeek-2019 innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida 29-31 oktabr kunlari Xalqaro robototexnika musobaqasi o‘tkazildi va unda O‘zbekiston yoshlari jamoaviy hisobda birini o‘rinni egalladi. 

Xalqaro robototexnika musobaqasi ikki yosh toifasida (9-16 yoshdagilar “Junior” va 17-23 yoshdagilar “Senior”) o‘tkazildi. “The First OIC Robotics Challange” musobaqasi Islom taraqqiyot banki, Islom hamkorlik tashkiloti va IHTning Ilm-fan va texnologiyalar bo‘yicha doimiy qo‘mitasi (COMSTECH) bilan hamkorlikda tashkil etilgan, unda IHTga a'zo 25 davlatdan jamoalar qatnashdi.

Xalqaro musobaqada kattalar (Senior) “Robo-sumo”, “Robo-football” yo‘nalishlarida, yoshlar (Junior) esa “Waste sort out”, “Kegelring” va “Robo-sumo” yo‘nalishlarida ishtirok etdilar. Musobaqada Malayziya, Misr, Pokiston va Turkiyadan mutaxassis hakamlar jalb etildi.

Musobaqalarning birinchi va ikkinchi kunlarida saralash bellashuvlari bo‘lib o‘tdi, uchinchi kunida ikki yosh toifasida yarim final va final bosqichlari o‘tkazildi.

“Senior” yosh toifasining “Robo-football” yo‘nalishida Iordaniya va O‘zbekiston vakillari finalda bellashdi va unda Iordaniya vakillari g‘olib deb topildi, O‘zbekiston jamoasi ikkinchi o‘rin, Qozog‘iston jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

“Robo-sumo” yo‘nalishi bo‘yicha finalda Tojikiston va Qirg‘iziston vakillari bahs yuritib, Tojikiston vakillari birinchi o‘rin, Qirg‘iziston ikkinchi, O‘zbekiston uchinchi o‘rinni egalladi.

“Junior” yosh toifasi “Waste sort out” yo‘nalishida Qozog‘istondan kelgan ikki jamoa birinchi va ikkinchi o‘rinlarni, O‘zbekiston vakillari uchinchi o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, “Kegelring” bahsida barcha sovrinli o‘rinlar O‘zbekiston vakillariga nasib etdi.

“Junior” yosh toifasining “Robo-sumo” yo‘nalishida birinchi o‘rinni Qirg‘iziston, ikkinchi o‘rinni O‘zbekiston vakillari egalladi, uchinchi o‘rin Tojikistonliklarga tegdi.

“Senior” yosh toifasining g‘oliblariga Islom hamkorlik tashkiloti tomonidan ajratilgan “Robo-football” yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa uchun 6000 AQSh dollari, ikkinchi o‘rin uchun 4000 AQSh dollari, uchinchi o‘rin uchun 2000 AQSh dollari xamda “Robo-sumo” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rin uchun 5000 AQSh dollari, ikkinchi o‘rin uchun 3000 AQSh dollari, uchinchi o‘rinni olgan jamoaga esa 1000 AQSh dollariga teng cheklar taqdim etildi.

“Junior” yosh toifasining g‘oliblariga esa musobaqa hamkor va homiylari tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. 

Musobaqa yakunlariga ko‘ra umumjamoa hisobida O‘zbekiston birinchi o‘rinni, Qirg‘iziston va Qozog‘iston ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarni egalladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top