16:00 / 03.11.2019
0
20485

«Investitsiya – gravitatsion maydon demakdir». Norvegiya suveren fondi rahbari karera cho‘qqisida nega iste'fo berdi?

Kapitali hajmi 1,1 trillion dollarga teng Norvegiya neft fondi bosh direktori Ingve Slingstad lavozimini tark etishini e'lon qildi. U jamg‘arma rahbarligiga 2008 yilda kelib, uni jahondagi eng yirik fondlardan biriga aylantirgan.

Foto: Jørgen Braastad / Verdens Gang

1969 yilning dekabr oyi – Norvegiya tarixidagi muhim sanalardan biri. O‘shanda yangi yil oldidan «Phillips Petroleum» kompaniyasi Shimoliy dengizda Ekofisk neft konini topgani haqida davlat rasmiylariga ma'lum qilgan edi. Oradan bir yarim yil o‘tib, kondan neft qazib olina boshlangan.

Shu bilan birga, 1970 yillardan boshlab Norvegiya boshqa neft konlarini ham faol o‘rganishga kirishgan. 1990 yilga kelib, mamlakatda ilk suveren fond ochilgan. Fond uglevodorod sotuvidan tushgan daromadlarni norveglarning kelgusi avlodlari uchun yig‘ib borish maqsadida tashkil qilingan.

2017 yil sentyabriga kelib, fond aktivlarining jami qiymati 1 trillion dollardan oshdi. Ya'ni, har bir norvegiyalikka deyarli 200 ming dollardan to‘g‘ri keladi. Ammo bu pullar qanday taqsimlanishi noma'lum. Shunisi aniqki, fondning fuqarolar oldida hech qanday majburiyati yo‘q. Jamg‘arma Norvegiyaning o‘zida inflatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun faqat xorijdagi loyihalarga pul tikadi.

Rasman The Government Pension Fund Global (Global davlat pensiya fondi) deb ataluvchi fond Norvegiya Markaziy banki bo‘linmasi – Norges Bank Investment Management tomonidan boshqariladi. 2008 yildan buyon bo‘linmaga Ingve Slingstad rahbarlik qilib kelmoqda. U bir necha kun oldin iste'foga chiqishini e'lon qildi.

57 yoshli rahbar fond kapitalizatsiyasi 10 trillion norveg kroni (1,1 trln dollar)ga yetganini ma'lum qilganidan so‘ng lavozimidan ketishini bildirdi.

Fond rasmiy saytida jami kapital hajmi real vaqt rejimida ko‘rsatib turiladi

«Juma – men to‘la xotirjam bo‘ladigan yagona kun. Shuning uchun ham [o‘tgan hafta] iste'fo haqida xabar berish uchun yaxshi payt edi», dedi Slingstad chorshanba kuni Osloda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. U mazkur lavozimning yangi egasi topilguniga qadar, kamida 2020 yilgacha vazifasini bajarishda davom etadi.

Ingve Slingstad Norges Bank Investment Management rahbarligiga yuqorida ta'kidlanganidek 12 yil oldin kelgan, biroq u bundan oldin ham bevosita fond tizimida 1998 yildan beri ishlab kelgan. U – iqtisod, huquq, biznes, politologiya va falsafa fanlaridan ilmiy darajaga ega.

Slingstad xalqaro miqyosdagi investitsiyalar sohasida ishlashni yoqtirishi sababiga bir necha bor izoh bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro investitsiya ishi – «geopolitikadan tortib, iqtisodiy faoliyatdagi kichik texnologiyalargacha – jamiyatda ro‘y berayotgan barcha-barcha hodisalar uchun gravitatsion maydon» sanaladi.

Slingstad Forbes`ning jahondagi eng qudratli shaxslar ro‘yxatida 2013 va 2014 yillarda 70- va 72-o‘rinlarda qayd etilgan.

2008 yilda, Ingve fond rahbarligiga kelgan paytda jahon moliyaviy inqirozi tufayli jamg‘armada ham jiddiy zarar kuzatilayotgandi. Fond retsessiyadan keyin narxi tushib ketgan aksiyalarni katta hajmda solib oldi. Oxirgi 10 yil mobaynida fondning yillik daromadi 7,63 foizni tashkil etdi, aksiyalar narxi oshib borayotgani fonida daromadlar bu yil rekord miqdorga yetishi kutilyapti.

Fond 70/30 strategiyasi asosida ish olib boradi. Ya'ni uning 70 foiz aktivlari – aksiyalar, qolgan 30 foizi – obligatsiyalar (shuningdek, aktivlarning bir qismi ko‘chmas mulk shaklida). Jamg‘armaning 10 foizdan oshmaydigan aksiyalari – jahonning 73ta davlatida joylashgan 9 mingta xorij kompaniyalari qo‘lida.

Fondning eng yirik aktivlari – Apple, Microsoft, Alphabet, Amazon va Nestle kompaniyalari aksiyalaridir. Umuman olganda esa, aksiyalari fond bozorida erkin sotiladigan kompaniyalar (public companies)ning 1,4 foizida mazkur fondning hissasi bor.

Oxirgi vaqtlarda fond «mas'uliyatli investitsiyalash»ga ham e'tibor qarata boshladi, jumladan, ko‘mir kompaniyalariga investitsiya kiritmaydigan bo‘ldi (ko‘mir – iqlim o‘zgarishining eng asosiy sababchilaridan). Qolaversa, jamg‘arma kompaniyalar rahbarlaridan to‘lovlarning ochiq va shaffof bo‘lishi talab qilmoqda.

Trillion dollar turadigan fond rahbari olayotgan oyligi jihatdan ancha kamtargina ekanini ham ta'kidlash kerak. O‘tgan yili uning yillik maoshi 726 ming dollarni tashkil qildi xolos. Taqqoslash uchun, Forbes ma'lumotiga ko‘ra, Rossiyaning eng yirik neft kompaniyasi – «Rosneft» rahbari, 2016 yilda 13 mln dollar daromad olgan.

Financial Times gazetasining yozishicha, Slingstadning kotibasi ham yo‘q – barcha xizmat safarlari va uchrashuvlarni uning o‘zi rejalashtiradi.

Ingve Slingstad fond rahbari sifatida ishlagan yillari davomida Norvegiya amaldorlari bilan bir necha marta qarama-qarshi kelib qoldi. 2017 yilda mamlakat parlamenti neft-gaz sektoriga investitsiya kiritishni to‘xtatib, barcha aktivlarni sotib yuborish taklifini rad etdi. O‘sha yili Slingstad 23ta valutadagi fond portfelini uchta pul birligi – dollar, yevro va funt sterlingga qisqartirish taklifiga ham Moliya vazirligidan rad javobini oldi. Qolaversa, Slingstad xususiy aksionerlik kapitaliga o‘xshash aktivlarning yangi klasslariga ham pul tikish kerakligini aytib, yana Norvegiya hokimiyati tomonidan qarshilikka uchradi.

Ba'zilar jamg‘armaning faoliyatini tanqid qilishadi. Norvegiya davlat maslahatchisi, akademik Espen Henriksenning fikricha, Slingstad o‘ziga ko‘proq erkinlik berilishiga erishmoqchi bo‘lgan, shu bilan birga o‘z qarorlari uchun javobgarligi darajasini kamaytirishni istagan, lekin bu niyatlariga erisha olmagan ekan. «Ketgani rost bo‘lsin», deb yozdi Henriksen tvitter sahifasida.

Ammo Ingve Slingstad o‘z lavozimini ijobiy notada tark etishi haqiqatga yaqin.

«Men rahbar bo‘lib kelganimdan keyin fondning hajmi 100 baravardan ham ko‘proqqa ortdi. Mendan oldin jamg‘arma bor-yo‘g‘i davlat valuta zaxiralarining bir qismi edi xolos. Shunday ekan, ikkita o‘n yillik davomida fond qay tariqa rivojlanib borganini bevosita kuzatib borganimdan faxrlanaman», – deydi Slingstad.

Darvoqe, bugun – 3 noyabr kuni Ingve 57 yoshga to‘ldi.

U mansabini topshirgach, Londonga ko‘chib o‘tmoqchi. Slingstad Angliya poytaxtida fondning qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi faoliyatini kengaytirish ustida ish olib borish niyatida.

Mavzu
G‘oliblar tarixi
Hayotda o‘z intilishlari va irodasi kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bisyor. Ularning har birining qiziq tarixi va hikoyasi bor
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top