13:10 / 03.11.2019
0
10547

Kovalyov Alvaresga yutqazdi va chempionlik kamaridan mahrum bo‘ldi

Rossiyalik bokschi, professional boksning yarim og‘ir (-79,4 kg) vazn toifasi WBO yo‘nalishi chempioni Sergey Kovalyov (34-4-1, 29 KO) o‘z kamarini himoya qila olmadi.

2 noyabr kuni Las-Vegasda u Butunjahon bokschilar assotsiatsiyasi (WBA) kamarining o‘rta vazndagi amaldagi chempioni, meksikalik Saul Alvaresga (53-1-2, 36 KO) yutqazdi. Jang 11-raundda rossiyalik bokschining nokauti bilan yakunlandi.

36 yoshli Kovalyov uchun bu faoliyatidagi 39 jangdagi to‘rtinchi mag‘lubiyat bo‘ldi, u 34 jangda g‘alaba qozonib (29tasi — nokaut bilan), bir jangda durang natija qayd etgan. 29 yoshli Alvaresda 53 g‘alaba (36tasi — nokaut bilan), bir mag‘lubiyat va ikki durang bor. U professional ringdagi yagona mag‘lubiyatini 2013 yilda Floyd Meyvezerga qarshi jangda qabul qilgan - o‘shanda u 12 raundlik jang yakunida hakamlar ovoziga ko‘ra mag‘lub bo‘lib, WBC va The Ring kamarlaridan mahrum bo‘lgan, WBA kamari amerikalik bokschida qolgandi.

Sergey Kovalyov 2019 yil fevralida kolumbiyalik Eleyder Alvaresga qarshi revansh jangini o‘tkazib, Butunjahon boks tashkiloti (WBO) versiyasi bo‘yicha kamarini (-79,38 kg vazn toifasida) qaytarib olgandi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top