19:00 / 03.11.2019
0
3964

Toshkentda «Tsement sanoati va bozori» XVII Markaziy Osiyo xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshlamoqda

2019 yil 3 noyabrda “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va Rossiya Federatsiyasining “Biznes Tsem” kompaniyasi hamkorligida an'anaviy “Tsement sanoati va bozori” XVII xalqaro konferensiyasi doirasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda mutasaddi tashkilot vakillari, xalqaro ekspertlar, xorijiy va mahalliy kompaniya vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi. Unda kelgusidagi rejalar, sement sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalar va Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan konferensiya haqida yig‘ilganlarga to‘liq ma'lumot berildi. 

Ta'kidlanishicha, “Tsement sanoati va bozori” XVII Markaziy Osiyo xalqaro konferensiyasi 8 marotaba O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda. Xalqaro anjuman O‘zbekiston sement sanoatini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va hamkorlikda ishlash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishda muhim hisoblanadi. Boisi xalqaro konferensiyada 16ta davlatdan 80dan ortiq sement sanoati mutaxassislari, xalqaro ekspertlar, yirik kompaniya vakillari ishtirok etadi. 

Xususan, Jahon sement assotsiatsiyasi (Buyuk Britaniya), Rossiya Federatsiyasining sement uyushmasi, Moskva materialshunoslik va samarali texnologiyalar instituti va Rossiya, Germaniya, Turkiya, Qozog‘iston, Italiya, Shveytsariya, Avstraliya, Hindiston kabi davlatlarning yetakchi kompaniya va firmalari vakillari respublikaga tashrif buyuradi. E'tiborlisi, Xalqaro konferensiyada oliy ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va qurilishi rejalashtirilayotgan sement zavodlarining vakillari, shuningdek sement, gips, ohak, kimyoviy cho‘kilgan bo‘r va sement asosida qurilgan tom yopish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud korxonalarning mutaxassislari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Konferensiya doirasida shuningdek, bir qator yo‘nalishlar va dolzarb mavzularda ilmiy  ma'ruzalar, taqdimotlar bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga sement sanoati uchun dunyoga mashhur yirik uskuna va texnika ishlab chiqaruvchilarining ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Matbuot anjumani yakunida OAV xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga to‘liq javob olishdi. 

Eslatib o‘tamiz, “Tsement sanoati va bozori” XVII xalqaro konferensiyasi 4-6 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. 

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi
Matbuot xizmati

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top