08:19 / 04.11.2019
0
3808

Lyuis Xemilton “Formula-1”ning olti karra chempioniga aylandi

Foto: EPA-EFE/MIGUEL SIERRA

“Mersedes” jamaoasi a'zosi Lyuis Xemilton “Formula-1” avtopoygalarining olti karra chempioniga aylandi. 

34 yoshli britaniyalik poyganing AQShdagi bosqichida 2-o‘rinni egalladi. Biroq bu unga muddatdan avval chempionlikni rasmiylashtirishga yetarlilik qildi. 

Marraga birinchi bo‘lib Xemiltonning jamoadoshi Valtteri Bottas, uchinchi bo‘lib “Red Bull” vakili Maks Ferstappen yetib keldi.  

Lyuis mavsum yakunlanishiga 2 ta bosqich qolganda shaxsiy hisobda Bottas uchun yetib bo‘lmas darajada o‘zib ketdi. Bottas esa o‘ziga 2-o‘rinni kafolatlab qo‘ydi. Hozirda Xemilton hisobida 381 ochko, Bottasda esa 314 ochko bor. 3-o‘rinni “Ferrari” vakili Sharl Lekler (249 ochko) egallamoqda.

Lyuis o‘tgan mavsumda ham poyga oxiriga ikkita bosqich qolganda chempionlikni ta'minlab qo‘ygandi. U oltinchi marta chempionlikni qo‘lga kiritib, bu borada argentinalik Xuan Manuel Fanxiodan (5 ta chempionlik) o‘zib ketdi. Xemiltondan ko‘proq chempionlikka faqatgina Mixael Shumaxer ega (7-marta).

“Mersedes” ketma-ket 6 marta konstruktor kubogini, poygachisi esa 6 marta chempionlikni qo‘lga kiritgan ilk jamoa bo‘ldi.

Xemilton “Formula-1”dagi faoliyatini 2007 yilda “Maklaren” jamoasida boshlagan. U ilk chempionlik unvonini 2008 yilda qo‘lga kiritgan. So‘ngra poygachi “Mersedes”ga o‘tib, 5 ta unvonga sazovor bo‘lgan (2014, 2015, 2017-2019 yillar). Britaniyalik sportchining hisobida 248 ta poyga bor bo‘lib, undan 83 tasida g‘alaba qozongan.

Poyganing keyingi bosqichi Braziliyada 15-17 noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top