21:11 / 05.11.2019
0
4634

Abdulaziz Aqqulov O‘zbekiston Etnosport va strongmen federatsiyasi raisi etib tayinlandi

O‘zbekistonda World Strongmen Cup 2020 Jahon seriyasi musobaqalari Xivada iyun oyidan boshlab o‘tkazilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

5 noyabr kuni Toshkenda Butunjahon Strongmen Federatsiyasi va Butunjahon etnosport alyansi («World Ethnosport») kengashining  matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

“Yurtimizda sport turizmini rivojlantirish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. Bular sirasiga joriy yilning 7-9 iyun kunlari Xiva shahrida Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Bahodirlar o‘yini” xalqaro turnirini keltirish mumkin. Bundan tashqari, kuni kecha Samarqand shahrida Samarkand Half Marathon – ilk xalqaro xayriya marafoni o‘tkazildi. Unda 28 mamlakatdan 1700 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Ushbu marafon O‘zbekistonda birinchi xayriya marafoni bo‘ldi", – deya ma'lumot berdi tadbirni ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Shuningdek, yurtimizda sport turizmini targ‘ib qilish bo‘yicha 17 oktyabrdan 22 oktyabrgacha O‘zbekistonda “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostida “Aral Marathon” I Xalqaro ekologik marafoni bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Orol dengizi muammolariga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiya arafasida O‘zbekistonning olti shahri – Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch, Nukus va Mo‘ynoqda o‘tkazildi.

Butunjahon Strongmen Federatsiyasi va Butunjahon etnosport alyansi («World Ethnosport») kengashining  matbuot anjumanida OAV vakillariga «UzReport» axborot agentligining bosh direktori Ravshanxon Djurayevni Butunjahon Strongmen Federatsiyasi prezidenti va Butunjahon etnosport ittifoqi kengashi raisi etib, Abdulaziz Aqqulov esa O‘zbekistonda yangi tashkil qilingan Etnosport va strongmenlar federatsiyasi rahbari etib tayinlangani haqida e'lon qilindi.

Butunjahon Strongmen Federatsiyasi va Butunjahon etnosport alyansi rahbarlari O‘zbekistonda Etnosport va strongmenlar federatsiyasi tashkil qilinishini qo‘llab-quvvatlashga hamda respublikamizda mazkur sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma'lum qilishdi.

O‘zbekistonda World Strongmen Cup 2020 Jahon seriyasi musobaqalari Xivada iyun oyidan boshlab o‘tkazilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Etnosport Chellenj va Pahlavon Mahmud nomidagi "BAHODIRLAR O‘YINI" II Xalqaro turniri ham bo‘lib o‘tadi. Tadbirlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil qilinadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top