14:39 / 05.11.2019
0
5437

«Abdulla Qodiriy majmuasi»dagi loyiha uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmagan

Foto: Toshkent Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahar hokimligi “Abdulla Qodiriy majmuasi”da amalga oshirilayotgan loyiha bo‘yicha ma'lumot berdi.

Loyihaga ko‘ra, Abdulla Qodiriy bog‘i hududida Qodiriy nomidagi ijod maktabi va zamonaviy kutubxona barpo etiladi, adibning haykali o‘rnatiladi, shuningdek, adib yashagan xonadon va uning atrofida ham hozirda rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan bo‘lib, bu joyda Abdulla Qodiriy uy-muzeyi tashkil etiladi.

Sanab o‘tilgan ishlarni amalga oshirish uchun 60 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘ talab etiladi, jumladan, uy-muzey uchun – 12 mlrd. so‘m, maktab va haykal uchun – 40 mlrd. so‘m, hudud atrofidagi xonadonlarni ko‘chirishga kompensatsiya uchun – 10 mlrd. so‘m ko‘zda tutilgan.

Abdulla Qodiriy nomini abadiylashtirish, uning nomidagi majmua va uy muzeyini zamonaviy talablar va milliy an'analar asosida barpo etishga qaratilgan loyihani amalga oshirish natijasida hududda “Abdulla Qodiriy majmuasi” timsolida etno bog‘ va etno shaharcha barpo etiladi.

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmagan, deyiladi ma'lumotda.

Loyihaga ko‘ra, bog‘ning bir qismida Abdulla Qodiriy yashagan davr ruhi aks etgan etno shaharcha tashkil qilinadi. Qolgan qismi esa rejalashtirilgan bunyodkorlik va yuqori sifatda obodonlashtirish uchun bino va mehmonxona barpo etish maqsadida investorlarga investitsion shartlar bilan taklif etilmoqda.

Ushbu shart orqali kelib tushgan mablag‘lar yuqorida ko‘rsatilgan kutubxona, maktab, haykal, uy-muzeyini qurish, yuqori sifatdagi obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish va ko‘chirilayotgan xonadonlar uchun kompensatsiya to‘lash maqsadlarida sarflanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top