19:00 / 05.11.2019
0
3311

Maktablarning 31 foizi yuqori tezlikli internet bilan ta'minlangan - AKT vazirligi

Shu paytgacha 3117ta maktab, 1646ta maktabgacha ta'lim muassasasi va 962ta tibbiyot muassasasi optik tolali internetga ulangan. Bu haqda AKT vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev ma'lum qildi.

Kun.uz muxbiri 4 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ayni paytda ijtimoiy obektlarning necha foizi keng polosali internet bilan ta'minlangani bo‘yicha savol berdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshevning ta'kidlashicha, 2019 yilning 9 oyida 9 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning uzunligi 35,6 ming km.ga yetkazilgan.

«Buning natijasida jami maktablarning 31 foizi, maktabgacha ta'lim muassasalarining 29 foizi, tibbiyot muassasalarining 27 foizi optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrab olingan», deya Qahramon Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shu bilan birga, AKT vazirligi mutasaddilari 201ta davlat xizmatlari markazi, 544ta sud binolari ham optik tolali internetga ulangani, bugungi kunda keng polosali texnologiyalar asosida internet xizmatlaridan foydalanayotgan abonentlar soni 1,2 mln nafarga yetkazilgani bildirildi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov yaqinda Moskvada bo‘lib o‘tgan «Ochiq innovatsiyalar-2019» forumida 2020 yil oxirigacha mamlakatdagi barcha maktablar, maktabgacha ta'lim muassasalari va tibbiyot muassasalari, ya'ni 20 mingdan ortiq ijtimoiy obektlar optik tolali aloqaga asoslangan keng polosali internet bilan qamrab olinishi haqida ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top