09:34 / 05.11.2019
1
75557

Prezident va hukumat a'zolari Husniddin Hamidov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Husniddin Hamidov

Prezident Shavkat Mirziyoyev va hukumat a'zolari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Husniddin Hamidov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zA ma'lum qildi.

Qoraqalpoq tilshunosligining yirik namoyandasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Husniddin Hamidov 84 yoshida vafot etdi.

H.Hamidov 1935 yil 5 yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida tug‘ildi. 1955 yili ikki yillik o‘qituvchilar institutini tugatib, o‘z faoliyatini o‘rta maktabda o‘qituvchilikdan boshladi. Keyinchalik Qoraqalpoq pedagogika institutida tahsil olib, 1967 yilda nomzodlik, 1991 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.

1994 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir-a'zosi, 2000 yilda haqiqiy a'zosi etib saylandi.

Iste'dodli olim o‘zining qariyb 60 yildan ziyod ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining Til va adabiyot institutida ilmiy xodim, bo‘lim mudiri, Qoraqalpoq davlat universitetida professor, kafedra mudiri vazifalarida samarali mehnat qildi va qoraqalpoq tilshunosligi sohasidagi dolzarb masalalarni ilmiy tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.

Til tarixi bo‘yicha chuqur izlanishlar olib borgan, qadimiy qo‘lyozmalar ilmiy tavsifini yaratgan olimning «Qoraqalpoq tili tarixi ocherklari», «Eski qoraqalpoq tilining yozma yodgorliklari», «Berdaq qo‘lyozmalari merosi» kabi monografiyalarida qoraqalpoq adabiy tili normalarining shakllanishi muammolari eski o‘zbek adabiy tili bilan uzviylikda ochib berilgan.

H.Hamidov jamoat ishlarida ham faol qatnashib, 1995-2000 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati sifatida faoliyat ko‘rsatdi.

Ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan jonkuyar ustozning bevosita rahbarligida o‘nlab fan doktori va fan nomzodlari tayyorlangan.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Husniddin Hamidovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, M.Yerniyazov, B.Yo‘ldoshev

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top