23:06 / 06.11.2019
24
127422

Andijon viloyat IIBga chaqirilgan 20 yoshli yigit uyiga qaytib kelmagan. U hozir qayerda?

2 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Abdulloh qayerda?» sarlavhasi ostidagi post tarqaldi. Unda Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yashovchi fuqaro Dilmurod Tohirovning 20 yashar o‘g‘li Abdullohni IIB xodimlari olib ketib, bir haftadan buyon daragini bermayotganiga oid fikrlar bayon etilgan.

Kun.uz mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida yo‘qolib qolgan yigitning otasi, oila yollagan advokat va viloyat IIB rasmiysi bilan suhbatlashdi. 

Ota: «Farzandim hozir qanday ahvolda, bilmayman» 

Tahririyatga kelgan andijonlik Dilmurod Tohirovning aytishicha, o‘g‘li Abdulloh Tohirovni oila a'zolari 26 oktyabrdan buyon ko‘rishmagan. Hatto farzandining ayni paytdagi ahvoli va qayerdaligi ham ularga oshkor etilmayapti. Bu esa qarindosh-urug‘lar, mahalla-ko‘yni vahimaga solgan.

«Jalaquduq tumanining «Yuqori chigitr» mahallasida yashaymiz. Dehqonchilik bilan shug‘ullanib, tirikchilik qilamiz. O‘g‘lim Abdulloh bu yil 20 yoshga to‘ldi. 2018 yil noyabrida mahalladagi tanish-bilishlar bilan birga Rossiyaga ishlagani ketib, shu yil may oyida qaytib keldi. Shu kungacha o‘g‘limning ortidan biror yomon gap eshitmaganman. Uning xatti-harakati hamisha nazoratimda bo‘lgan.

Joriy yil 26 oktabr kuni ertalab soat chamasi 7:00larda o‘g‘lim Qo‘rg‘ontepa hududida Andijon-Qo‘rg‘ontepa yo‘nalishidagi katta ko‘chada yo‘l-transport hodisasi sodir etadi. U qarindoshimizning «Lacetti» rusumli avtomobilini ishonchnoma asosida boshqarib yurgandi. Hodisa yuz bergach, Abdulloh tog‘asi Islombekka telefon qilib, yuz bergan hodisa haqida ma'lum qiladi. Ko‘ngilsiz voqea sodir etilishida o‘g‘lim aybdorligi bois tog‘asi Islombek «Nexia-2»ga yetkazilgan zararni qoplab, shikastlangan joylarini ta'mirlatib berishini aytadi. 

Bog‘ishamol dahasidagi eski mashina bozorga yaqin joydagi ustaxonada «Nexia-2»ning orqa bagaji ochiqligi uchun uning ichiga ham bir nazar soldim va u yerda «VSF» kategoriyadagi davlat raqam belgisi borligiga ko‘zim tushdi. Avtomashinani ta'mirlash uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlari va mablag‘ni ustaxonaga tashlab, uyga qaytdik.

Endigina yo‘lga chiqqan paytimiz ukam Elmurod qo‘ng‘iroq qilib, «Jalaquduq tuman IIBdagilar o‘g‘lingni olib borishimizni so‘rashyapti», dedi. Andijon shahardan to xonadonimga borgunimcha, ukam 4-5 marta sim qoqib, shu gapni takrorladi. Uyga yetganimdan so‘ng achchiq ustida o‘g‘limning telefonini sindirib tashladim. Chunki u bir necha oy oldin telefoni tufayli yo‘l-transport hodisasini sodir etgan edi. Bu safar ham yana shu matohi sabab bo‘lgandir, degan fikr miyamda aylanaverdi.

O‘g‘lim hali bola va qiziqqon ekan-da, darrov singan telefonidan sim-kartasini chiqarib, uni boshqa oddiy telefoniga solib oldi. Kechki soat 18:00 chamasi qaynukam mashinasida o‘g‘lim bilan tuman ichki ishlar bo‘limi tomon otlanishdi. Yo‘lda ularga Farrux Yusupov ismli organ xodimi aloqaga chiqib, uning hamrohligida viloyat IIBga borishlari kerakligini aytibdi. Uchalasi Islombekning avtomobilida Andijon shahriga ketishadi.

Ularning ortidan boshqa mashinada rafiqam bilan birga bordik. IIBda o‘g‘limning kamerali telefonini tezda uydan olib kelishim shartligini aytishdi. Biz yana xonadonimizga qaytib keldik. Kechqurun soat 23:30da ayolim ikkimizning ortimizdan 3-4 nafar organ vakillari uyimizga kelib, tintuv o‘tkazishdi. O‘g‘limning telefoni va uning ajralib ketgan qismlarini, unga qo‘shimcha ravishda kichkina kompyuterimiz va fleshkani ham o‘zlari bilan olib ketishdi.

Shu vaqtda qaynukam mashina ustasiga telefon qilib, «Siz ta'mirlayotgan mashina kimniki? Ustaxonadan qaytganimizdan so‘ng organ xodimlari uyimizni tintuv qilishdi», degan savolni berdi. U esa «Mashina viloyat IIBda katta lavozimda ishlaydigan odamniki» deb aytdi. Shunda mashina Andijon viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Qahramon Ergashevniki ekanligidan boxabar bo‘ldik.  

Ertasiga, ya'ni 27 oktabr kuni tonggi soat 6:00larda ukamga Farrux Yusupov telefon qilib, jiyaningizni Toshkentga olib ketyapmiz, deb o‘g‘limga go‘shakni tutibdi. Abdulloh ham «Biz Toshkentga yaqinlashib qoldik», degan gapni aytibdi.

Qahramon Ergashev bilan telefonda bir necha marta gaplashib turdik. Undan Abdulloh qayerdaligini so‘rasak, «Buning avtohalokatga aloqasi yo‘q. Toshkentdan buyruq bo‘lgan va Toshkentga olib ketildi. O‘g‘lingiz Rossiyadaligida «nozik odamlar»ni so‘kib yozgan internetda. Unga ko‘pi bilan 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi beriladi. Vahima qilmanglar, bugun chiqarvorishsa kerak», degan fikrlarni bildirdi. 

Uning bu javobidan hayron bo‘lib, turli savollarga javob izladim. Axir farzandimning Rossiyadan kelganiga 5-6 oy bo‘lgandi. O‘ylab ko‘ring, agar u rostdan ham amaldorlar haqida yomon gap yozganida shu paytgacha chora ko‘rishardi-ku?

Qahramon Ergashev 28 oktyabrda ham bir kun oldingi gaplarini yana takrorladi. U o‘g‘lim Toshkentga olib ketilgani, Andijon viloyati IIBdagilarning bunga aloqasi yo‘qligi, telefonda ko‘p narsani gapirolmasligi, keyinroq yuzma-yuz ko‘rishib suhbatlashishi mumkinligini aytdi. 

Kelishilganidek, 29 oktabr kuni Andijon shahridagi kafelardan birining oldidagi ko‘chada uchrashdik. 

«Abdulloh 15 kunga qamaldi, qaror chiqarilgan, Toshkentdagilar bilan gaplashib turibman. Sizlarga yana xabar beriladi», dedi. Qamalishining sababini so‘raganimizda, Islombekning qulog‘iga past ovozda «yuqori lavozimli amaldorlardan birini so‘kibdi», deya javob qaytardi. Bu gapni bizni qo‘rqitish maqsadida aytgan, degan fikrdaman. Chunki o‘g‘limni juda yaxshi bilaman. U beozor, birov haqida behuda yomon so‘z aytmasdi. Oshna-og‘aynilari ham oddiy yigitlar. 

30 oktabr kuni Toshkentga keldik va advokat Umidbek Davlatov bilan tanishib, shartnoma tuzdik. Haligacha Abdulloh haqida biror ma'lumotga ega emasmiz. O‘g‘limni qaysi aybi uchun qayerda va qachon, qaysi modda bilan sudlashgani bizga qorong‘i. Sud jarayonida ham ishtirok etmaganmiz. Farzandim hozir qanaqa ahvolda, unga nimalar qilishyapti, bilmaymiz. Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan o‘g‘limni topishda yordam berishlarini iltimos qilaman.

Advokat: «Hanuz biror darak yo‘q»

Toshkentdagi «Simay kom» advokatlik firmasi advokati Umidbek Davlatovning ta'kidlashicha, u va Abdullohning yaqinlari 31 oktabr–1 noyabr kunlari qator tashkilotlarga yordam so‘rab murojaat qilishgan. Ammo 20 yoshli o‘smir haqida hanuz biror darak bo‘lmayapti.

«31 oktyabrda Dilmurod Tohirovning murojaatini eshitib, o‘sha kuniyoq Andijonga ketdik. Kechga yaqin Andijon shahar ma'muriy sudiga so‘rovnoma kiritdik. Lekin u yerdagilar Abdullohga nisbatan ma'muriy qamoq qo‘llanmaganini rasman ma'lum qilishdi. Ertasiga Andijon, Jalaquduq tumanlari va viloyat ma'muriy sudlariga bordik. Ulardan ham Abdullohning taqdiriga oid aniq xabar chiqmadi. Viloyat prokuraturasi va IIBdan ham ma'lumot ololmadik. 

A.Tohirov 15 sutkalik jazoni o‘tayotgani to‘g‘risidagi xabarni tekshirish uchun Qo‘rg‘ontepa tumani va Andijon shahridagi vaqtinchalik saqlash izolyatoriga murojaat qilganimizda, ular bunday shaxs ushbu muassasalarga olib kelinmaganini ta'kidlashdi.

Jalaquduq tumani IIB va prokuraturasi ham A.Tohirovga nisbatan ish ochilmaganini bildirdi. Keyin Toshkentga qaytib kelib, Prezident virtual qabulxonasi, Bosh prokuratura, IIV va DXX rahbarlari nomiga telegramma yubordik, ariza ham yozdik. Xozircha Abdulloh haqida biror xabar ololmadik», deydi advokat. 

Viloyat IIB boshqarma boshlig‘i: «Barchasini otasi tushuntiradi» 

Surishtiruv davomida Andijon viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Qahramon Ergashev bilan telefon orqali bog‘landik. Uning qisqa izohi holatga oydinlik kiritish o‘rniga savollarni ko‘paytirdi.  

«Hech qanaqa holatlar (yo‘l transport hodisasi - tahr.) bo‘lmagan. Mashinam o‘zimda, haydab yuribman. Qandaydir tushunmovchiliklar bo‘lyapti, telefonlar masalasi bo‘yicha arzimagan bir-ikkita narsa bor. Yaqinda oydinlik kiritamiz.  

Dadasining o‘zi (Dilmurod Tohirov nazarda tutilyapti – tahr.) raddiya beryapti, noto‘g‘ri yozib qo‘yganidan afsusda. Barchasini otasi tushuntiradi», – deya javob berish bilan kifoyalandi Andijon viloyati IIB rasmiysi.  

Eslatib o‘tish joizki, biz podpolkovnik Qahramon Ergashev bilan Dilmurod Tohirov tahririyatimizga kelishidan bir soat oldin telefonda suhbatlashgan edik. Dilmurod Tohirov bilan kechgan suhbatimizda u o‘g‘lining taqdiri haqida qayg‘urib, ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtdoshlarimizdan yordam so‘raganidan umuman afsusda emasligini ta'kidladi.

Ichki ishlar vazirligining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasidan holat yuzasidan izoh olishning iloji bo‘lmadi.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Mirolim ISAJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top