16:10 / 06.11.2019
0
13332

Tibbiyot fanlari doktori, professor Abdubori Jilonov vafot etdi

Toshkent davlat stomatologiya instituti yuz-jag‘ jarrohligi kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdubori Astonayevich Jilonov vafot etdi.

Abdubori Jilonov 1957 yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 1975 yil Toshkent davlat tibbiyot institutining stomatologiya fakultetiga o‘qishga kirgan. 1980 yil institutni qizil diplom bilan tamomlab, 1982 yil Moskva markaziy stomatologiya ilmiy-tekshirish institutiga aspirant sifatida qabul qilingan va shu yerda dastlab tibbiyot fanlari nomzodlik dissertatsiyasini, keyinchalik Birinchi Toshkent davlat tibbiyot institutida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Uning ilmiy ishi asosan yuz-jag‘ jarrohligi sohasiga bag‘ishlangan bo‘lib, professor V.M.Bezrukov bilan O‘zbekistonda tibbiyot sohasidagi yangi usul - «Pastki jag‘ tojsimon o‘sig‘ining yuqori sinishi va uning jarrohlik davolash usuli»ning asoschisidir. Hozirgi kunda ushbu usul yuz-jag‘ jarrohligi sohasida amalda va bir necha o‘quv kitoblarida keng qo‘llanilib kelinadi. 

Abdubori Jilonov mamlakatda yuz-jag‘ jarrohlik sohasida davolash xizmatini tashkil etish, mazkur sohadagi samarali ilmiy ishlanmalari bilan fidokorona mehnat qilib, o‘zining ilmiy izlanishlari, rahbarlik mahorati, katta bilim va tajribasi, amaliy tashabbuslari bilan keng jamoatchilik o‘rtasida yuksak hurmat-e'tibor qozongandi.

Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga saboq bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top