18:05 / 08.11.2019
11552
Reklama

Zamon talabiga mos yangi bank xizmatlari markazlari

Foto: Turonbank

Bugungi kunda “Turonbank” ATB tomonidan ko‘rsatilayotgan sifatli, tezkor, asosiysi halol mehnat natijasida, moliya muassasasiga ishonch bildirgan mijozlar soni sezilarli oshib, 23 mingdan ortiq kompaniyalar o‘z bizneslarini eng omadli loyihalar qatoriga qo‘shish imkoniga ega bo‘lishdi. Bunda esa Respublikaning barcha hududlarida erta-yu kech mehnat qilayotgan bir qator bank bo‘linmalari va yangidan tashkil etilayotgan bank xizmatlari markazlari xodimlarining munosib hissasi bor.

Aholiga moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini yanada oshirish va mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida poytaxtimizning Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida “Turonbank” ATBning navbatdagi ikkita zamonaviy bank xizmatlari markazlari ish boshladi. Ularning ochilish marosimi tantanali tarzda o‘tkazilib, unda moliya muassasasi rahbariyati, bank xodimlari va mijozlar ishtirok etishdi. Markazlar an'anaga muvofiq alvon tasma kesilgan holda ochiq deya e'lon qilindi.

Aytish kerak, yangidan tashkil etilgan bank xizmatlari markazlarida malakali bank xodimlari yuridik va jismoniy shaxslarga keng ko‘lamli moliyaviy va konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi. U yerda hisob raqam va plastik kartalar ochish, kredit olish uchun ariza berish, omonatlarni rasmiylashtirish, barcha turdagi to‘lovlar hamda xalqaro pul o‘tkazmalarini bajarish mumkin.

Zamonaviy bankomat va infokiosklar 24/7 rejimida ishlaydi. Bu milliy va xalqaro plastik kartalardagi mablag‘larni naqdlashtirish, kommunal, uyali aloqa operatorlari, shahar telefonlari, kabel televideniyesi, internet xizmati uchun to‘lovlarni haftaning istalgan kuni, sutkaning har qanday vaqtida amalga oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, markazlarda joylashtirilgan universal kassalar mijozlarning navbat kutib, sarson bo‘lishlariga ham chek qo‘yadi. Birgina xodimning o‘zi har qanday savolga javob berib, sifatli xizmat ko‘rsata oladi.

“Bizning mahallamizda avvallari bunday bank markazlari yo‘q edi. Kredit olish, omonatlarni joylashtirish u yoqda tursin oddiygina plastik kartochkamizdagi mablag‘larni naqdlashtirish uchun ham bir necha kilometr yo‘l bosib, bank bo‘linmalariga borar edik. “Turonbank” ATB tashabbusi bilan bu yerda ushbu xizmat ko‘rsatish markazining ochilishi, uzog‘imizni yaqin, mushkulimizni oson qildi. Juda ham chiroyli tarzda qurilganini ko‘rib, ochilish marosimida ishtirok etdim. Barchasi zamonaviy, mutaxassislar ham barcha savollarimizga tezda javob qaytarib, xizmatlar bilan tanishtirishmoqda. Buning uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”,- dedi fuqaro Gulxumor Omonullayeva.

Yana bir ahamiyatli jihati, markazlarning zamonaviy dizayn asosida milliy me'morchilik andozalari bilan uyg‘unlashganligidir. U yerda tashrif buyuruvchilar uchun shinam joy tayyorlangan bo‘lib, o‘rnatilgan monitorda “Turonbank” ATBda joriy etilayotgan yangi xizmatlar haqida batafsil ma'lumot beriladi.

“Markazimizning aholi gavjum hududda joylashganligi biz uchun ham, mahalliy fuqarolar uchun ham qulaylik tug‘diradi. Bank uchun mijozlar bilan yaqinroq bo‘lish va kengroq xizmat ko‘rsatish imkonini bersa, aholi uchun markaz orqali barcha bank xizmatlaridan to‘liq foydalanish imkonini beradi. Bundan ikki tomon ham manfaatdordir. Ayni damda markazlarimiz kuniga 200 nafardan ortiq yuridik va jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatadi. Qolaversa, bankomat va avtomatlashtirilgan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi kioskalar ham doimiy ravishda el xizmatida”,- dedi “Turonbank” ATB strategik rivojlantirish va marketing departamenti rahbari v.v.b Ravshan Fayziyev.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mijozlarga xizmat ko‘rsatishni zamonaviy yondashuvlar asosida takomillashtirishga huquqiy ko‘mak bo‘lmoqda. Natijada iste'molchilar manfaatlari to‘la qanoatlantirilib, yangi bank xizmatlari va mahsulotlari o‘z vaqtida tadbirkorlar hamda aholining barcha qatlamiga birdek yetkazilmoqda.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid
Top