14:35 / 09.11.2019
3
28181

Soliq qo‘mitasi keng muhokamalarga sabab bo‘lgan farmon loyihasi bo‘yicha tushuntirish berdi

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Joriy yilning 5 noyabr kuni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida prezidentning «Eksport-import operatsiyalari bo‘yicha valuta nazorati to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

«So‘nggi kunlarda ushbu hujjat ijtimoiy tarmoqlar va elektron ommaviy axborot vositalarida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik uchun 10 foiz va 20 foiz miqdoridagi jarimalarni 40 foiz va 60 foizgacha oshirish rejalashtirilgani haqida ma'lumot tarqaldi», - deyiladi Davlat soliq qo‘mitasida xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori, taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov so‘nggi vaqtlarda tadbirkorlar ishiga sezilarli darajada xalaqit berayotgan, mantiqsiz bo‘lgan soliqlar haqida o‘z fikrini bildirgandi. Uning fikricha, amaldagi soliq siyosati biznesni zaiflashtiradi va tadbirkorlarning davlatga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi.

Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, hujjat loyihasida jarimalarni emas, balki muddatlarni o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.

«Eski tartibda, dastlabki 180 kun - bu jarima solinmaydigan muddat. Ya'ni, agar tadbirkor o‘z tovarlarini chet elga yuborsa va jo‘natilganidan keyin 180 kun ichida uning uchun pul oladigan bo‘lsa, jarimaga tortish mumkin emas. Agar keyingi 180 kun ichida ham pul olinmasa, jarima debitorlik qarzining 10 foizini tashkil qiladi, keyingi 180 kun uchun - 20 foiz jarima va oxirgi 180 kun uchun - 70 foiz jarima. Umuman olganda, tashqi savdo operatsiyasini amalga oshirish muddati - 2 yil», - deyiladi soliq idorasi ma'lumotida.

Yangi farmon loyihasida bu muddatni faqat yarim yilga qisqartirish va jarimalar bo‘yicha foizni qayta taqsimlash ko‘zda tutilgan. Dastlabki 180 kunni jarima olinmaydigan muddat sifatida qoldirish mo‘ljallanmoqda. Ikkinchi yarim yillik uchun 40 foizli jarima, keyingi yarim yil uchun esa umumiy qarzning 60 foizi miqdorida jarima kiritish rejalashtirilgan. Ya'ni, birinchi va ikkinchi holatda jarimalar bo‘yicha umumiy bir xil foiz olinadi.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlardan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda jarima qo‘llanilganidan keyin 90 kun ichida respublikaga chet el valutasi kelib tushsa yoki olib kirilsa hamda tovarlar rasmiylashtirilsa, jarimani davlat budjetidan qaytarish amaliyoti mavjud. Bu prezidentning 2019 yil 24 oktyabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan.

«Mamlakatdan pul olib chiqishning aniq misolini ko‘rib chiqamiz. «Universal Invest Service» korxonasi (soliq sirini saqlash maqsadida nomi o‘zgartirilgan) chet eldan tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha import shartnomasi tuzgan. 2019 yil 1 yanvarda ushbu operatsiya bo‘yicha debitorlik qarzi 450 ming dollarni tashkil etgan. Shunga qaramay, 2019 yilda firma yana 120 ming dollarlik 18ta shartnoma imzolab, chet elga mablag‘ yubordi. Natijada, joriy yilning 1 oktabr holatiga ko‘ra, debitorlik qarzdorligi 570 ming dollarni tashkil etdi. Chet el valutasining mamlakatdan chiqib ketishi va muddati o‘tgan debitorlik qarzining o‘sishi ko‘pincha shubhali offshor zonalarga mablag‘larni o‘tkazish bilan bog‘liq. Agar 2018 yilda 1300dan ortiq bunday o‘tkazmalar amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-avgust oylarida ularning soni 1445tagacha ko‘paydi», - deya ta'kidlab o‘tishdi Davlat soliq qo‘mitasida. 

Matbuot xizmatidan aytishlaricha, muhokama qilinayotgan farmon loyihasi uskunalarni sotib olish yoki sotish bilan bog‘liq bitimlarni o‘z ichiga olmaydi.

«Barcha importning 45 foizdan ko‘prog‘i asbob-uskunalarga to‘g‘ri kelishi hisobga olinsa, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha uskunalarni sotish va sotib olish bilan bog‘liq qat'iy muddatlar hamda sanksiyalar o‘rnatilmaganini tadbirkorlar bilishi muhimdir. Bu alohida tashqi savdo operatsiyasining ishtirokchilari sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvchi va xaridor tomonidan uskunalarni ishlab chiqarish muddatlariga qarab tartibga solinadi», - deya ta'kidlab o‘tishdi soliqchilar.

Soliq qo‘mitasi vakillarining fikricha, butun dunyoda valuta mablag‘larining kelib tushmasligiga qarshi kurashish amaliyoti O‘zbekistonga qaraganda ancha qattiqroqdir. Bunda, masalan, MDH davlatlari ham bor - Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston. Xususan, Rossiya va Qozog‘istonda muddati o‘tgan debitorlik qarzdorlik uchun hatto jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, yarim yil o‘tgach soliq organlari kontragentdan qarz summasining 75 foizidan 100 foizigacha jarima undiradi.

«Umuman olganda, statistik ma'lumotlarga ko‘ra, bunday javobgarlik chorasi faqat tashqi savdo operatsiyalaridagi ishtirokchilar umumiy miqdoridan 8 foiziga nisbatan qo‘llaniladi. Agar u joriy etilsa, unda bu ularning to‘lov intizomini tartibga soladi», - deya xulosa qilgan DSQ.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top