13:30 / 11.11.2019
0
14755

IIV: O‘ttizdan ortiq shaxs mingga yaqin fuqaro nomidan «Green card» to‘ldirib, yutuq chiqqanda tamagirlik qilgan

«Green card» lotereyasi uchun ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari ortidan pul ishlash bilan birga, turli firibgarlik holatlari uchrab turibdi. Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning so‘zlariga ko‘ra, o‘ttizdan ortiq shaxs mingga yaqin fuqarolar nomidan ma'lumotnomalar to‘ldirib, «Green card» yutganlarga tamagirlik qilishgani aniqlangan.

«So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolarining «Green card» lotereyasida ro‘yxatdan o‘tishga qiziqishi kuchayib bormoqda. O‘z navbatida, ayrimlar bu qiziqishdan foydalanib qolishga harakat qilmoqda.

Ayrim shaxslar lotereyadan ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari ortidan pul ishlash bilan birga, turli firibgarlik harakatlarini ham sodir etishmoqda. Ya'ni, firibgarlar fuqarolarning shaxsiy hujjatlari nusxalaridan foydalangan holda, ularning xabarisiz ro‘yxatdan o‘tib qo‘yishmoqda hamda ushbu shaxslarga lotereyada yutuq chiqsa, ma'lum miqdorda moddiy rag‘batlantirish talab qilishmoqda.

Ana shunday vaziyatdan foydalanmoqchi bo‘lgan ayrim firibgarlar yutuq chiqqan odamlardan turli miqdorda pul talab qilishgan, aldashgan, qo‘rqitishgan va tovlamachilik qilishgan», deya Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, aslida «Green card» dasturi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish mutlaqo bepul bo‘lib, quyidagi yo‘riqnomaga amal qilinsa kifoya. Ro‘yxatdan o‘tgan fuqaro lotereyada yutgan taqdirda buning uchun biron bir kishiga pul berishi shart emas.

Joriy yildan «Green card» rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasporti (xalqona aytganda qizil pasport) bo‘lishi shart etib qo‘yildi. Bu ham lotereya to‘ldirish jarayonidagi firibgarliklarning oldini olishda katta qadam bo‘ldi. Endi shaxsiy ma'lumotlarni to‘ldirishda pasport seriya raqami ham kiritilishi shart qilib belgilandi. Shu vaqtga qadar anketada bunday bo‘lim yo‘q edi.

Shohrux G‘iyosovning ma'lumot berishicha, 2018 yilgi statistikaga ko‘ra, dunyo bo‘yicha migrantlari soni 244 million kishini, O‘zbekistonda esa 1,2 million kishini (jami aholining 3,6 foizi) tashkil etgan. Jumladan, Rossiya fuqarolarning 10 million nafari (7 foiz), Buyuk Britaniya aholisining 4,9 millioni (7 foiz) xorij davlatlariga yashash uchun chiqib ketgan. Deyarli barcha davlat fuqarolarining asosiy yo‘nalishi AQShga to‘g‘ri keladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top